Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan sud hujjatlari ijrosini ta’minlash doirasida qarzdorga tegishli bo‘lgan yirik mulk majmuasi auksion savdolari orqali realizasiya qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining 2025 yil 21 avgustdagi ijro varaqasiga asosan, Byuroning Samarqand viloyati boshqarmasi ish yurituviga «G.S.S» masuliyati cheklangan jamiyatga nisbatan ijro hujjati kelib tushgan. Sud qaroriga muvofiq, javobgardan da’vogar BRB ATB bank foydasiga qarzdorlikni undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor tomonidan belgilangan muddatda majburiyatlar ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga tegishli mol-mulklar aniqlanib, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq xatlandi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash omborxonasi, tayyor sut mahsulotlarini qadoqlash sexi, yog‘ zavodi, tarozixona hamda echkichilik fermasidan iborat mulk majmuasi belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarildi.
Mazkur mulk majmuasining umumiy maydoni 6180,63 kv.m, qurilish osti maydoni 6180,63 kv.m, foydali maydoni 5741,48 kv.mni tashkil etadi. Shuningdek, ob’ektga tegishli yer maydoni 45 000 kv.mdan iborat.
O‘tkazilgan savdolar natijasida mazkur mulk majmuasi 14 milliard 800 million so‘mga sotildi. Auksiondan tushgan mablag‘lar qarzdorning bank oldidagi qarz majburiyatlarini qoplashga yo‘naltirildi.
Majburiy ijro byurosi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida hamda to‘liq ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.