Samarqand shahrida Majburiy ijro byurosi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qarorini ijro etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, fuqaroga uning shaxsiy mol-mulki to‘liq qaytarib berildi.
Samarqand shahar Majburiy ijro byurosi bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning 2025 yil 16 oktyabrda chiqarilgan ijro hujjati kelib tushgan. Ushbu hujjatga asosan, fuqaro D.A. foydasiga kelin bo‘lib borgan xonadondan 29 turdagi shaxsiy mol-mulk va kelinlik sarpolarini qaytarib berish belgilangan.
Davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjati belgilangan tartibda qabul qilinib, ish yurituvi boshlangan. Ijro jarayonida qarzdor tomon bilan tushuntirish ishlari va muzokaralar olib borilib, qonun talablariga muvofiq zarur ijro harakatlari amalga oshirildi.
Natijada, xolislar ishtirokida ijro hujjatida ko‘rsatilgan barcha 29 turdagi mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, belgilangan tartibda undiruvchi — fuqaro D.A.ga topshirildi.
Fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlari to‘liq ta’minlandi.