Senatning yalpi majlisida Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari hamda Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish masalasi muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Samarqand shahri tarkibiga 17 226,5 gektar yer maydoni qo‘shiladi. Shuningdek, ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumani tugatiladi va uning 28 295 gektar yer maydoni Toyloq tumaniga o‘tkaziladi.
Qayd etilganidek, Samarqand shahri viloyatda aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Shahar hududining kengaytirilishi aholi zichligini kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash, tirbandliklarning oldini olish hamda zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda Samarqand shahri aholisi 880 ming nafarga yetib, aholisi bir million bo‘lgan shahar maqomiga yaqinlashayotgani ta’kidlandi.
Yangi qo‘shiladigan hududlarda kichik sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Buning natijasida xizmat ko‘rsatish, turizm va qurilish sohalarida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlarini saqlab qolish va ekologik muvozanatni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘tkazilayotgan 6 263 gektar yer maydonining toifalari o‘zgartirilmasdan saqlanadi.
Mazkur masala tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, ma’qullangan.
Senatorlar chegaralarning o‘zgartirilishi Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni rivojlantirish hamda aholi turmush farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.