Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Saida Mirziyoyeva: "Salomatligidan qat’i nazar, har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim"

Saida Mirziyoyeva: "Salomatligidan qat’i nazar, har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti admistrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Samarkand Half Marathon”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Oybek Qosimov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Gayane Umerova va boshqa mutasaddilar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

"Birlashgan millatlar tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 15 foizi, ya’ni bir milliarddan ortiq insonning u yoki bu ko‘rinishdagi nogironligi bor. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi keltirgan raqamlarga ko‘ra, 2019 yilda yurtimizda 710 mingdan oshiq imkoniyati cheklangan shaxs ro‘yxatga olingan.

Inklyuziya — bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga ko‘ra, salomatligidan qat’i nazar, har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim", - dedi Saida Mirziyoyeva.

Yarim marafon ishtirokchilarini madaniyat muassasalarida inklyuziv muhitni shakllantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga bag‘ishlangan betakror ta’lim dasturi kutmoqda. Loyihadan san’atni adaptasiya qilishning turli usullari, universal dizayn hamda muzey vositalari orqali ijtimoiy-madaniy reabilitasiya to‘g‘risidagi ma’ruzalar o‘rin olgan.

Anjumanda qayd etilishicha, yarim marafondan tushgan mablag‘ Toshkent teatrlaridan biriga eksperimental loyiha uchun sarflanadi. Ushbu dastur bo‘yicha spektakl tifloizoh — audiodeskripsiya yordamida sahnada namoyish etiladi. Buning uchun zarur uskunalar xarid qilinadi, mutaxassislarni o‘qitish tashkil etiladi. 

Matbuot anjumani doirasida I.V. Saviskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi to‘plamidan kartinalar va "Registon" me’moriy ansamblining modelidan iborat taktil ko‘rgazma ham tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand yarim marafoni 3 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Kiritildi: 09:55 01.11.2019. O'qildi: 2117 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!