Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

"Sabr qil, Elifjon, go‘zal narsalar go‘zal sabrdan keyin keladi"

"Sabr qil, Elifjon, go‘zal narsalar go‘zal sabrdan keyin keladi"

Turkiyalik dugonam Elif bilan Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tanishganmiz. Bir kuni undan menga suratlaridan jo‘natishini so‘ragandim, uzrxohlik bilan shunday javob yozibdi: Jon do‘stim, meni afv etgaysan, hozir senga surat jo‘natishga xijolatman. Chunki kecha erim bilan janjallashdik. U meni ayamay do‘pposladi. Yuz-ko‘zim kaltak va yig‘i zarbidan shishib ketgan. Biroz o‘zimga kelay, albatta senga suratimni jo‘nataman . Oradan ikki kun o‘tib virtual dugonamdan surat keldi. Haqiqatan ham yuzi shishgan, qovoqlarining usti ko‘karib yotgandi. Unga achindim, biroq tuzukroq tanishga ham ulgurmaganim bir insonning shaxsiy hayotiga aralashib, undan eri bilan munosabatlari haqida so‘ragim kelmadi. Kechki payt feysbukka kirgandim, turkiyalik dugonam menga ko‘nglini ochdi. Elifning mahzun hikoyasi yuragimni o‘rtadi.

... Asli yunon millatiga mansubman. Gresiyalikman. Ismim Nikola edi. Istanbul Universitetining huquq yo‘nalishi xalqaro guruhiga o‘qishga kirdim. Tahsil mobaynida Turkiya davlati, kishilari menga ma’qul bo‘ldi. Bu yerda yoshlar kattalarni hurmat qilar, ehtiromini yoshi ulug‘larning qo‘lini o‘pish bilan bildirishar ekan. Taomlari, madaniyati, to‘y-marosimlari juda chiroyli bo‘lgan bu elga hurmatim uyg‘ondi. Balki turmush o‘rtog‘imga shu sababdan ham ko‘nglimda muhabbat uyg‘ongandir. Xullas, kursdoshim bo‘lgan turk yigiti bilan do‘stona munosabatlarimiz muhabbat tusiga kirdi. Men Qalqon (erim)dan ikki yosh kattaman. Buning ustiga o‘shanda g‘ayriddin edim. Oramizdagi uzoq masofa, yoshimizdagi tavofut va tilimiz, dinimiz, urf-odatlarimiz o‘rtasidagi farq bizga to‘sqinlik qilolmadi. Bir-birimizni juda qattiq sevardik. Uning ota-onasi meni qabul qilmasligini aytishibdi. Qalqon menga:

Agar meni chin dildan sevsang, bir umr mehr-muhabbat og‘ushida yashashni xohlasang, Islom dinini qabul qilasan. Turk tilini o‘rganasan, urf-odatlarimiz, taomlarimiz tayyorlanishini o‘zlashtirasan. Ana shunda men ota-onamni rozi qila olaman, dedi. Uning taklifini so‘zsiz qabul qildim. Islom dinini qabul qilishim va musulmon yigit bilan turmush qurishimga ota-onam, yaqinlarim qattiq qarshilik qilishdi. Fikrimdan qaytarolmaganlaridan so‘ng menga Yo bizni, o‘sha yigitni tanlaysan! degan qattiq shart qo‘yishdi. Albatta men Qalqonni tanladim. Ota-onam rozi bo‘lmasa-da Islom dinini qabul qilib, kalima keltirdim. Qalqon ismimni o‘zgartirishimni aytdi. Menga turkcha ismlaridan Elif ismi juda yoqardi.

Ismim Elif bo‘la qolsin? dedim uning taklifini qo‘llab-quvvatlab.

Juda yaxshi, dedi Qalqon sevinchdan ko‘zlari porlab.

Ismimni o‘zgartirdik. Repititor yollab turk tilini o‘rgandim. Pazandalik, ro‘zg‘or tutish kurslarida o‘qib turk qizlari bilishi shart bo‘lgan hamma narsani o‘zlashtirdim. Olti oydan keyin Qalqon yana meni ota-onasi huzuriga boshlab borib, menga uylanishiga rozi bo‘lishlarini so‘radi. Bo‘lajak qaynonamga turk tili va turk taomlari, turk ayolining eri oldidagi vazifalari, musulmon ayolining odobi va ziynatlari xususida imtihon topshirganimdan keyin ular meni kelin qilishga rozi bo‘lishdi.

Ammo biz ota-onasi rozi bo‘lmagan qizni zo‘rlik bilan kelin qilmaymiz, dedi qaynotam. Biz rasm-rusumimizga ko‘ra senikiga sovchilikka borib, ota-onangning rozi-rizoligi bilan seni kelin qilamiz.

Xavotir bilan Gresiyaga uyimga ularni boshlab bordim. Onam to‘nini teskari kiyib oldi. Otam ham avvaliga qovog‘ini ochmadi-da, biroz o‘ylab ko‘rgach Qalqon va ota-onasining oldida menga shunday dedi:

Mayli, sening qaroringni hurmat qilamiz. Shu yigit bilan baxtli bo‘lishingga ko‘zing yetsa, biz hech nima demaymiz. Lekin sen qabul qilgan dinda ota-ona roziligisiz farzand baxtli bo‘lolmasligi haqida aytiladi. Biz ham nimanidir bilganimiz uchun, senga sen istaganingdan ko‘ra ko‘proq yaxshi bo‘lishi uchun turk yigitiga turmushga chiqishingga qarshilik qilayotgandik. Balki adashayotgandirmiz, balki bu yigit bilan seni baxt kutayotgandir. Mayli, qayerda bo‘lsang ham omon bo‘l. Sen xursand bo‘lsang, bizga shu kerak.

Ota-onam to‘yga qatnasholmasligini aytishdi. Afsuski, sevgan insonim bilan visolga erishayotganim uchun o‘sha paytda bu narsa menga unchalik ta’sir qilmagandi. To‘ydan keyin odatiy hayot boshlanib, barcha turk kelinlari bajarishi kerak bo‘lgan vazifalarni ado etishga kirishdim. Bir necha oydan so‘ng Qalqonni Bursa viloyati amniyati mudirligiga ishga yuborishdi. Biz Bursaga ko‘chib keldik. Men shahar polisiya mahkamasida polisiya ma’muri vazifasiga ishga tayinlandim. Bir yildan so‘ng qizalog‘imiz tug‘ildi. Biz juda baxtli edik. Bir-birimizni sevar, jon qadar asrab-avaylardik. Allohning marhamati bilan qizalog‘im shunaqangi go‘zal qizcha edi-ki, er-xotin unga qarab to‘ymasdik.

Go‘zal muhabbatdan go‘zal farzand dunyoga keldi, deya astoydil sevinardi Qalqon. Ammo baxtim uzoqqa cho‘zilmadi. Shifokorlar qizimda autizm xastaligi alomatlari borligini aytishdi. Shu bilan kunim kasalxonama kasalxona sargardonlik, doktorlarning og‘ziga ilinj bilan termulishlarga qoldi. Qizim ayni paytda sakkiz yoshga to‘lgan. Ammo gapirmaydi. Buning ustiga serjahl, injiq. Imtihon dunyosida har bandaning sinovi bo‘lar ekan. Muhabbatga ishonib baxtsiz turmushga ko‘nganim va qizalog‘imning xastaligi mening sinovim ekan...

Qizimizning xastaligi ustiga erimning zolimligi ham meni holdan toydirdi. Sal narsaga jahl qilib baqiradi, do‘pposlaydi. Uning zulmidan ota-onasiga shikoyat qilay desam, ular ham ba’zida o‘g‘lidan oshirib yuboradi.

Sen bilan faqat qizim uchun yashab yuribman! deb baqirdi bir gal janjallashganimizda. O‘rtamizda hurmat ham, mehr-muhabbat ham qolmagan!..

Undan bunchalik qattiq ta’nani kutmagandim. Dilim og‘ridi. Men uni sevardim. To‘g‘risi, hanuz sevaman. Uning uchun qanchadan qancha qurbonliklar berdim. Ota-onamni norozi qildim. Sevgimga xiyonat qilmadim. Islom dinini qabul qilganimga hech afsuslanmayman, chunki bu din qiyinchiliklarga go‘zal sabr qilgan insonga albatta bir kuni halovat va xotirjamlik nasib etishini ta’kidlaydi. Biroq ota-onasini rozi qilolmaganlar ikki dunyoda ro‘shnolik ko‘rmasligini ham shu dinning ta’limotidan bilganman. Ba’zida ota-onamni norozi qilib Qalqon bilan turmush qurganim uchun ham farzandim kasalmand tug‘ildimi, erimning mendan ko‘ngli sovudimi, deya o‘ylayman. Axir yomon yurmasam, ota-onasini behurmat qilmasam, hamisha xizmatiga shay tursam, nega o‘rtamizdagi hurmat va muhabbat darz ketishi mumkin? Dugonajon, o‘zing ayt, men xato qilganmanmi? Qalqonga turmushga chiqmaganimda Islomni qabul qilmagan, umrim zalolatda o‘tgan bo‘lardi-ku, xudo asrasin. Ota-onam ham farzandining baxti uchun astoydil rozilik berib, xush-xursandchilk bilan to‘yimda qatnashishsa bo‘lardi-ku? Yoxud erkak sevgisi vaqtinchalik havasmi? Men ham baxtli bo‘lishga haqim bor-ku! Men qayerda adashdim?..

Elifning savollariga javob berish menga og‘ir bo‘ldi. Shuning uchun unga o‘zbek ayollarining shioriga aylangan bir jumlani aytdim: Sabr qil, Elifjonim, bir kuni jufting sen u uchun dunyodagi eng aziz va yagona inson ekanligingni anglaydi. Hozircha bir-biringlarga chidab yashab tur, yaqin orada bir-biringizga suyanib yashaysizlar!..

Umida ADIZOVA,

azon.uz

Kiritildi: 15:40 18.04.2019. O'qildi: 3276 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!