Bugun 21 avgust, 2026 yil, juma

КИР

Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi yana kuchaymoqda

Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi yana kuchaymoqda

Iyul oyining ikkinchi yarmida biroz yumshagan Rossiyadagi benzin taqchilligi yana kuchaydi. Qator hududlarda AYOQShlarda yoqilg‘i tugab, sotuvga cheklovlar kiritilmoqda va navbatlar yuzaga kelmoqda.

Avtomobilistlarning yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi vaziyat haqidagi xabarlarini jamlaydigan GdeBENZ platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 avgust holatida foydalanuvchilar benzin yoki dizel yoqilg‘isi mavjudligini bildirgan AYOQShlar ulushi 28,1 foizga tushgan. 9 avgustda bu ko‘rsatkich 41 foizni tashkil etgan edi.

Eng sezilarli muammolar Rossiyaning janubi, Volgabo‘yi va ayrim markaziy hududlarida kuzatilmoqda. Rossiya hukumati ham qator sub’ektlarda yoqilg‘i yetkazib berishda uzilishlar saqlanib qolayotganini tan olmoqda.

Orenburg viloyatida 12 avgustdan yana cheklovlar joriy etildi: avtomobillar davlat raqamining oxirgi raqamiga qarab belgilangan kunlarda yoqilg‘i quyishi mumkin. Lipesk viloyatining ayrim AYOQShlarida ham shunga o‘xshash tizim qayta joriy etildi. Bu yerda bir avtomobil uchun benzin sotib olish 30 litr bilan cheklangan.

Krasnodar o‘lkasida ham vaziyat murakkabligicha qolmoqda. 17 avgust kuni Anapa shahrida ishlayotgan 25 ta AYOQShdan 11 tasida yoqilg‘i faqat yoqilg‘i kartasiga ega avtomobillar va maxsus xizmat mashinalariga sotilgan. Qolgan shoxobchalarda ham turli cheklovlar amal qilgan.

17 avgust kuni ertalab Novorossiyskda ishlayotgan 28 ta AYOQShdan faqat beshtasida AI-92 benzini, oltitasida esa AI-95 benzini mavjud bo‘lgan. Dizel yoqilg‘isi 27 ta shoxobchada sotilgan.

Sevastopolda yoqilg‘ini QR-kodlar orqali sotish tizimi yana joriy qilindi, asosiy benzin turlarini sotish esa bir avtomobil uchun 20 litr bilan cheklangan. Oltoy Respublikasida esa bir avtomobilni sutkasiga bir martadan ortiq yoqilg‘i bilan to‘ldirishga ruxsat berilmayapti.

Moskvadan ham ayrim yoqilg‘i turlari tanqisligi va navbatlar haqida xabarlar kelmoqda.

Taqchillik fonida Federal antimonopoliya xizmati yoqilg‘i bozoridagi tekshiruvlarni kuchaytirdi. Yil boshidan 17 avgustga qadar idora neft kompaniyalari va mustaqil bozor ishtirokchilariga nisbatan 41 ta ish qo‘zg‘atib, 68 ta ogohlantirish bergan. Shundan 30 ta ish yoz oylarida qo‘zg‘atilgan.

Rossiya hukumati muammolar sabablari qatorida neftni qayta ishlash quvvatlarining bir qismi to‘xtab qolishi, Ukraina dronlarining energetika infratuzilmasiga hujumlari, mavsumiy talabning oshishi va hududlarga yoqilg‘i yetkazib berishdagi logistika muammolarini keltirmoqda.

Ichki bozorda taklifni oshirish maqsadida Rossiya benzin importini an’anaviy yetkazib beruvchilar — Belarus va Qozog‘istondan tashqari, Hindiston va Marokashdan ham ko‘paytirdi.

Hukumat benzin eksportiga vaqtinchalik taqiqni 2027 yil 31 yanvarga qadar uzaytirdi va neft kompaniyalariga yoqilg‘i tanqisligi kuzatilayotgan hududlarga yetkazib berishni ko‘paytirishni topshirdi.

Bundan tashqari, hukumat benzinning Yevro-2, Yevro-3 va Yevro-4 ekologik sinflarini ishlab chiqarish, import qilish va sotishga vaqtincha ruxsat berdi. Bu yoqilg‘i turlariga Yevro-5 standartiga nisbatan yumshoqroq ekologik talablar qo‘llanadi.

Kiritildi: 21:15 20.08.2026. O'qildi: 299 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!