Rossiya va Ukraina harbiy asirlar almashinuvini amalga oshirdi.
Bu haqda birinchi bo‘lib Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, 246 nafar ukrainalik harbiy asir 246 nafar rossiyalik evaziga qaytarilgan va qo‘shimcha ravishda "ezgu niyat belgisi" sifatida shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj 15 nafar yarador rossiyalik harbiy xizmatchi evaziga 31 nafar yarador ukrainalik topshirilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya asirligidan umumiy hisobda 277 kishi qaytarilganini e’lon qildi. Biroq u Rossiyaga topshirilgan asirlar soniga aniqlik kiritmadi.
Tomonlarning bayonotlariga ko‘ra, almashinuv avvalgi holatlarda bo‘lgani kabi Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida tashkil etilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi qaytarilgan asirlar hozirda Belarus hududida ekanligini ma’lum qildi.