Rossiya senatori, Federasiya Kengashining xalqaro aloqalar qo‘mitasi rahbari Konstantin Kosachev AQSh sanktsiyalarining ro‘yxatiga kiritilgani sababli Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining majlisida qatnasha olmadi, deya xabar berdi “TASS”.
“AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganimdan keyin ikki hafta o‘tib, AQSh Davlat departamenti pasportimdagi Qo‘shma Shtatlardagi barcha BMT yig‘ilishlarida ishtirok etishim uchun qilingan yillik vizani bekor qildi", deya senator 28 may kuni o‘tkazilgan qo‘mita yig‘ilishida shikoyat qilgan.
Senatorning aytishicha, AQSh Davlat Departamentining vizani bekor qilish to‘g‘risidagi birinchi xabaridan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlarining rasmiylariga BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun bir martalik viza berishni so‘rab qo‘shimcha talabnoma jo‘natgan.
Xabarlarga qaraganda, AQSh Departamenti bu so‘rovga hamon javob bergani yo‘q.