Muhojir mehnatidan foydalanadigan Rossiya kompaniyalarining yarmidan ko‘pi chet ellik ishchilarni yetarli miqdorda yollay olmayapti.
Bu haqda Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSPP) so‘rovlariga tayanib, "Kommersant" gazetasi xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, migrantlar Rossiyadagi tanqis mehnat bozorini to‘ldirish uchun oxirgi manbalardan biri hisoblanadi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan kompaniyalarning 53 foizi xorijdan jalb qilingan mehnat resurslari taqchilligini his qilmoqda, 46 foizi muhojirlarni ishga olishning hozirgi hajmidan u yoki bu darajada mamnun. RSPP shunga o‘xshash ma’lumotlarga ega.
Rossiya kompaniyalarining yarmidan ko‘pi uchun asosiy muammo, deyiladi maqolada, zarur mutaxassislarning yetishmasligi edi. Kompaniyalar ishga da’vogarlar rus tili imtihonidan o‘ta olmasligidan shikoyat qilmoqdalar. Bundan tashqari, rasmiylar chet ellik ishchilardan foydalanishga cheklovlar qo‘ydi va ba’zi hollarda butunlay taqiqladi.
O‘tgan yili Rossiya mehnat bozoridagi xorijiy mehnat muhojirlari soni qariyb 3,5 million kishini tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan qariyb 1 millionga kam.