Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Rizq Allohdan deymiz-u...

Rizq Allohdan deymiz-u...

Istanbulga safarim chog‘ida bir qiziq voqea bo‘lgandi. O‘shanda juda ta’sirlangandim.
Kuniga 12-15 km yurardim. Asosan kunduzi sohil bo‘ylab. Sohilda katta xarsanglarni ustida o‘tirib, rasmga, videoga olib, mavjlanayotgan to‘lqinlarni, mayda baliqchalarni suzishini, chaykalarni uchishini soatlab tomosha qilardim. Suvga yaqinroq o‘tiray deb yaqinroqdagi katta va balandroq xarsangga o‘tmoqchi bo‘lib engashganimni bilaman... vetrovkamni cho‘ntagidagi telefonim shundoq tushib, bir soniya xarsanglar orasidagi teshikda tiqilib turdi-da keyin taraq-turuq qilib pastga tushib ketdi. Turgan joyimda muzlab qoldim. Telefonim yap yangi edi, ustiga ustak juda ko‘p narsalar bor. Eng asosiysi oyimlarning rasm va videolari. Tamom deb o‘yladim. Nima qilishimni bilmay karaxt qoldim. Teshikka qaradim: ohho!!! Chuqurligi 1,5 metrcha bor, lekin telefonim ko‘rinmaydi. To‘lqinlar esa kattalashib, o‘sha telefonim tushib ketgan joygacha keldi. Telefonni ichi suvga to‘lgandir deb o‘yladim. Nima qilarimni bilmayman. Atrofga alanglayman. O‘tkinchi bir yosh yigitcha: “Biror yordam kerakmasmi?” dedi. Afg‘onistonlik o‘zbek bola ekan. Vaziyatni tushuntirdim. Kelib o‘sha joyni kurdi. Qo‘lini kirg‘azgandi, tirsagidan u yog‘i o‘tmadi. O‘tgan taqdirdayam, chuqurligi 1,5 metr joy. Ming bir xijolat bilan uzr so‘rab ketdi. Ikkita qora tanli yigitlar bizlarni ko‘rib yonimizga kelishdi. Inglizchalab tushuntirdim. Ikkisiyam hali bu xarsangga, hali u xarsangga chiqib orasidagi tirqishlardan telefonimni qidirishardi. Besamar. Ular ham uzr, yordam berolmas ekanmiz deb turganda, bir suriyalik bolakay keldi, uyam u yer bu yerni qarab, sekingina “Umidingizni uzib qo‘ya qoling, baribir ololmaysiz telefonni. Ustiga ustak ichiga suv kirib ishdan xam chiqqandir”, dedi.
Ketishdi... Bir o‘zim qoldim. Ko‘nglim to‘lib turibdi. Tomog‘imga bir narsa tiqildi. O‘zimni urushaman. Onajonimning rasmlari...
Qo‘llarimni duoga ochib, moviy osmonga qarab pichirladim "Ya Rabbiy! Ya Xayyul, Ya Qayyum! Yolg‘iz o‘zingdangina so‘rayman. Telefonim topilsin. Sen uchun oson narsa. Yolg‘iz o‘zingdangina so‘rayman...".
Duo qilib ulgurmasimdan, orqadan ovoz keldi: "hanim, size yardim lazimmi?" (Xonim, Sizga biror yordam kerakmi?). Yalt etib qaradim. Boyadan beri bir choy sotuvchi bilan bizni kuzatib turgan, 45 yoshlar chamasi bir kishi. Ko‘rinishidan turkka xam, kurdga xam o‘xshamaydi.
Parishongina "Ha" dedim. Oldimga kelib nima bo‘lganini so‘radi. Hammasini aytib berdim. Ichimda lekin ishonchsizlik bor edi. Ketidan qo‘shib qo‘ydim, "Agar telefonimni topib bersangiz, suyunchisi bor". U esa: “Yo‘q, pul kerak emas, qarasam juda ezilyapsiz”, deydi. Bir mahal futbolkasini yechyapti. Angrayib qoldim. Tushunmadim?! Gapirishga og‘iz juftlagunimcha suvga sho‘ng‘ib yo‘q bo‘lib qoldi. 3 minut o‘tdi... Xuddi 3 oy o‘tgandek. Xavotir boshlandi. “Cho‘kib ketdimikan? Telefon tutmay har narsa bo‘lay. Endi bir kami shuni orqasidan odam o‘lib ketishi qoluvdi”, deya o‘zimni koyiy boshladim. O‘ylamagan o‘yim qolmadi. “ Abiy, bey efendi...” deb chaqira boshladim. Javob yo‘q. Tamom bo‘ldim. Polisiya ni chaqirish kerak.
Bir mahal o‘sha kishi shalabbo bo‘lib, suvdan chiqib keldi. E, Xudoga shukr-ey!!! Yuziga qarayman. Oldimga keldi-da jonajon telefonimni qo‘limga tutqazib, "Omonatingiz, xonim. Niyatingiz xolis ekan. Suv tegmabdi" dedi. Voy, mani ko‘zlarim yoshlanib ketdi. Qayta-qayta rahmat aytib, duo qilib yotibman. Cho‘ntagimda 300 turk lirasi bor edi (50$ degani). Kiyim olamanmi deb opchiqqan ‘dim. Shart olib ko‘liga tutqazdim. Endi u xijolat, yo‘q olmayman. Man bir yordam berdim xolos deydi. Qo‘yarda qo‘ymay "Oling? iltimos. Chin qalbdan, rozi bo‘lib berayapman. Onamni xotirasi o‘chmagani uchun" dedim. Pulni olishga rozi bo‘ldi, lekin 100 lirasini. Man esa o‘z gapimda turvoldim. Qo‘liga hammasini tutqazishimni bilaman, haligi odam yig‘lab yubordi. Man g‘alati bo‘lib ketdim. Kap-katta erkak kishi yoningda shartta yig‘lab yuborsa, juda noqulay bo‘lar ekan. Ichgan emas. Biroz tinchlanib gap boshladi.

Bir arab davlatidan ekan. Turkiyaga kelganiga 12 yil bo‘libdi. 3 nafar farzandi bor ekan. “Ovqat pishiradigan gazballon sotardim. Do‘konimni 2 hafta avval berkitishdi. Yong‘in xavfsizligi masalasiga jiddiy qarashyapti. Ish qidirib topolmadim. 2 ta bolam kasal, ustiga ustak uyda yegani hech narsa qolmadi. Hali u tanishimni oldiga bordim qarz so‘rab, hali bunisini oldiga. Hech kimda pul yo‘q. Oxiri choy sotadigan tanishimni oldiga keldim, hech bo‘lmasa nonga pul berib turar deb. Aksiga olib u ham hali savdo qilmabdi. Endi shunaqa bir siqilib, Xudodan so‘radim, endi ahvolimni O‘zing bilasan. O‘zing rizqimni yetkaz deb. Mana, yetkazdi. Ortig‘i bilan. Hech bo‘lmasa bir oy tirikchilik qila olaman. Alloh bor! Rahmat sizga ham. Rozi bo‘ling faqat, iltimos dedi... Shu yerda tushundim, demak telefonim tushib ketishi kerak ekan, chunki shuni orqasidan Alloh kimgadir rizq berdi. “Mingdan ming roziman”, dedim. Qalbim yengil bo‘lib qoldi... 
Telefonimni mahkam tutib, sohil bo‘ylab ketdim. Ichimda esa tinmay “Alxamdulillah” deya takrorlardim...

Kiritildi: 15:02 18.11.2019. O'qildi: 3699 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!