Rimdagi Trevi favvorasiga endi faqat to‘lov evaziga tanga tashlash mumkin — OAV.
Italiya poytaxtidagi sayyohlar odatda tanga tashlaydigan Trevi favvorasiga yaqinlashish imkoniyati uchun to‘lov joriy etildi. Endi favvoraga soat 09:00 dan 22:00 gacha kirish uchun ikki yevro to‘lash kerak bo‘ladi. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va Rim aholisi chipta to‘lovidan ozod qilingan. Kechqurun va erta tongda favvoraga bepul borish mumkin.
Shahar rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, chiptalar sotilishi yiliga 6,5 milliondan 20 million yevrogacha daromad keltiradi. Ushbu mablag‘lar favvoraga texnik xizmat ko‘rsatish va xodimlarning ish haqiga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, sayyohlar favvoraga tashlagan tangalar avvalgidek kambag‘allarga yordam beruvchi Caritas di Roma xayriya tashkilotiga beriladi. Favvoradan yiliga taxminan 1,5 million yevro miqdorda tangalar to‘planadi.