Bugun 8 sentyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Rim shahrida O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi

Rim shahrida O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi

Shu yilning 23-24 iyul kunlari Rim shahrida O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun o‘zbek kurashi bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Turnir 400 dan ortiq sport muxlislari e’tiborini tortdi. Yuqori martabali mehmonlar qatorida Italiya hukumati va parlamenti, elchilar, hamda mahalliy jamoatchilik, sport va akademik doiralar vakillari tashrif buyurdi.

Musobaqa O‘zbekiston kurash federasiyasi va mamlakatmiz elchixonasi tomonidan Italiyaning "Sport e Salute S.p.A." – "Sport va sog‘lomlashtirish" davlat kompaniyasi, "Libertas" milliy sport markazi va Italiya kurash akademiyasi hamkorligida tashkil etildi. Turnir Rim shahrining tarixiy obidalaridan bir va Italiyaning eng nufuzli xalqaro sport arenasi — "Nikola Pyetranjeli" sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Chempionatning tantanali ochilish qismida Xalqaro kurash assosiasiyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Nosiriy, Yevropa kurash konfederasiyasi prezidenti Merampi Iliadis, Italiya kurash akademiyasi prezidenti Marko Pepe, O‘zbekiston kurash federasiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Qodirov va elchi Abat Fayzullayev ishtirokchilarga omad tiladilar.

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev o‘z chiqishida, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan o‘zbek milliy kurashining nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini, xususan, O‘zbekiston Prezidentining bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida ushbu sport turi jahonda xalqaro sport turi sifatida tan olinganini ta’kidladi. Bunday yirik musobaqa Rimda o‘tkazilishi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlanishiga muhim hissa qo‘shishi ham qayd etildi.

Evropa kurash konfederasiyasi prezidenti Merampi Iliadis o‘zbek xalqining tarixiy merosi bo‘lmish kurash sport turini ommalashtirish, rivojlantirish, uni milliy brendi sifatida dunyoga tanitish, umumjahon durdonasiga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi. "Ushbu sport turi – o‘zbek xalqini ulug‘ qadriyati. Uning sport qoidalarida ham o‘zbeklarga xos va mos bo‘lgan urf-odatlar mujassamlashgan", dedi u.

Musobaqada dunyoning 17 ta mamlakatidan kelgan 33 ta mutlaq vazn (erkaklar +100 kg va ayollar +87 kg) toifalarida erkak va ayol sportchilar ishtirok etdi.

Ayollar o‘rtasidagi kurashda bosh sovrinni yurtdoshimiz Pokizaxon Kamoliddinova qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va ikkita uchinchi o‘rinlarni mos ravishda germaniyalik Aylin Mill, belgiyalik Viktoriya Boloxan va ruminiyalik Kacharina Kalyujnaya egalladi.

Erkaklar o‘rtasida kechgan murosasiz bahlarda O‘zbekiston vakili Muhsin Xisomiddinov barcha raqiblari kuragini yerga tekkizib turnir g‘olibligini tantana qildi. Ikkinchi va ikkita uchinchi o‘rinlar ruminiyalik IliYE-Daniel Natea, o‘zbekistonlik Muhammadkarim Xurramov va polshalik Kasper Shchurovskiyga nasib etdi.

Tadbir sport bellashuvlari bilan cheklanmasdan, uning doirasida O‘zbekiston va Italiya san’at ustalari tomonidan madaniy dastur taqdim etildi. Shuningdek, o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari burchagi tashkil etildi.

Mazkur musobaqa Italiya ommaviy axborot vositalarida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan ushbu mamlakatning yetakchi "Il Messaggero", "Il Metropolitano", "Nova News", "Il Giornale d’Italia" gazetalari va Lasio viloyatining "Lazio TV" telekanalida turkum materiallar e’lon qilindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida Kurash milliy sport turi tarixda ilk bor 18-yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan.

Shu bilan birga, 2023 yildan boshlab, O‘zbekiston kurash federasiyasi tashabbusi bilan Xalqaro kurash assosiasiyasi kalendar rejasiga O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun jahon professionallar seriyasi (WORLD SERIES PRO) xalqaro turniri o‘tkazilishi kiritilib, dunyoning barcha qit’alarida muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Italiya mezbonlik qilgan navbatdagi kurash musobaqasi ikki mamlakatni sport va madaniyat jihatidan o‘zaro tanishishiga imkoniyat yaratishga hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qildi.

Kiritildi: 12:53 26.07.2024. O'qildi: 753 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!