Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi 2022 yil 9 iyundagi 322-sonli qaroriga muvofiq, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 4 777 nafar talabgor xotin-qizlar tavsiyanoma olish uchun murojaatlari xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali qabul qilindi.
Qo‘mita raisining tegishli buyrug‘i bilan Respublika bo‘yicha jami 4 587 nafar xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi, 190 nafar talabgorga tavsiyanoma berish rad etildi.
🔘Eng ko‘p tavsiyanoma Farg‘ona (566 ta), Toshkent viloyati (447 ta), Qashqadaryo (405 ta), Toshkent shahri (376 ta), Andijon (371 ta), Samarqand (358 ta) viloyatlariga berildi.
🔘Yo‘nalishlar kesimida tavsiyanomalar eng ko‘p Boshlang‘ich ta’lim, davolash ishi, maktabgacha ta’lim, buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishlari bo‘yicha berildi.
Ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 36 853 nafar talabgor xotin-qizlardan arizalar xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali qabul qilindi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining tegishli buyrug‘i bilan Respublika bo‘yicha jami 18 481 nafar (50,1 %) xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi, 18 372 nafar (49,9%) talabgorga tavsiyanoma berish rad etildi.
Qo‘mitaning har ikki tavsiyanomani berish haqidagi hujjatlari xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali elektron shaklda tuman (shahar) ishchi guruhlariga va oila va xotin-qizlar bo‘limlariga talabgorlarni xabardor qilish uchun taqdim etildi.