Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yib, Ul zotga jonu mollarini fido etib, jonbozlik bilan ardoqlashda bashar uchun, shak-shubhasiz, sahobalar buyuk namunadirlar. Ularning har bir sa’y-harakatlari to qiyomatgacha kelgusi odamzot uchun ibrat bo‘lib qolaveradi. Sahobalardan keyin esa yana shunday zotlar Rasulullohga oshiqlik «sahnasiga» chiqdilar. Ular endi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan u zotga muhabbat qo‘yish, u zotga itoatlarini namoyon etishda o‘zlaridan keyingi insolar uchun dars o‘tib ketishdi go‘yo. Quyida ana shunday buyuk zotlarning buyuk muhabbatlari haqida so‘z ketadi.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan so‘rashdi: «Siz qachondan boshlab Ayyub Acsuhtiyoniydan hadis eshitadigan bo‘lgansiz?» Imom Molik javob berdilar: “Men ilgari hech ham undan hadis tinglamasdim. Qachonki huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlari zikr qilinsa, u shunchalik yig‘lardiki, hatto unga rahmim kelardi. Rasulullohga shunchalik ehtiromini ko‘rib, undan hadis tinglaydigan bo‘ldim”.
Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bu darajada ehtiromlari ulaning tabiatlari edi go‘yo. Zero, ular Nabiy alayhissalomning qadri va darajalarini bilar, o‘zlaridan qay darjada afzal ekanliklarini his etardilar. Bu haqda Imom molik rahmatullohi alayh bir qancha ustozlaridan ko‘rgan holatlarga nazar solamiz. Mus’ab ibn Abdulloh rahmatullohi alayh aytadilar: “Agar Molikning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, uning rangi o‘zgarib, qaddi bukilib qolardi. Bu hammajlislariga og‘ir botardi. Bir kuni u zotdan bu holatlari haqida so‘raldi. Shunda u kishi quyidagicha javob berdilar: “Sizlar ham mening ko‘rganlarimni ko‘rganingizda edi, mendagi holatni malol ko‘rmasdingiz. Men Muhammad ibn Almunkadirni shunday holatda ko‘rardim. U qorilar sayyidi edi. Biz undan qachonki biror hadis haqida so‘rasak, u shu darajada yig‘lardiki, hatto unga rahmimiz kelib ketardi. Ja’far ibn Muhammadni ham shu holatda ko‘rardim. U hazilkash, sertabassum kishi edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, rangi oqarib ketardi. Uni biror marta tahoratsiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqida gapirganini ko‘rmaganman. Abdarrahmon ibn Qosim Rasulullohniing haybatlaridan agar Nabiy alayhissalomni zikr qilgan vaqtda uning yuziga qaralsa, xuddi undan qon oqayotgandek bo‘lib qolar va tili qurib qolar edi. Yana Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrning oldiga qatnardim. Qachonki uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, yig‘layverib ko‘z yoshlari qurib qolardi. Zuhriyni ham ko‘rganman. U aslida insonlar bilan chiqishimli, ularga yaqin odam edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, siz uni tanimaydigan va u sizni tanimaydigan holatga tushib qolardi. Safvon ibn Sulaymning oldiga ham qatnardim. U mujtahid tobe’inlardan edi. Agar uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, yig‘lardi. U yig‘idan to‘xtay olmas, hatto atrofidagi kishilar tarqalib ketishardi!”
Hasan Basriy rahmatullohi alayh qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ayrilganida yig‘lagan to‘nka haqidagi hadisni aytsalar, odamlarga qarata: “Ey Allohning bandalari! Bir yog‘och Rasululloh sollalohu alayhi vasallam uchun, u zotning Alloh taolo bergan martabasi uchun shavq va alam bilan yig‘layapti! Albatta sizlar undan ko‘ra g‘am-alam chekishga haqliroqsizlar!” – der edilar.
Salafi solihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vafotlaridan keyin sahobalar ul zotni hayotliklarida ulug‘lab, hurmat qilganlaridek hurmatlar edilar. Ul zotning masjidlarida ham ovozlarini baland ko‘tarmasdilar. Soib ibn Yazid rahmatullohi alayh rivoyat qiladilar: “Masjidda turgandim, shunda bir kishi menga tosh otdi, qarasam, Umar ibn Xattob ekan. U menga: “Bor, anavi ikkilasini oldimga olib kel!” – dedi. Men ularni olib keldim. Umar ularga: “Kimsizlar yoki qayerdansizlar?” – deb so‘radi. Ular: “Toif ahlidanmiz”, – deyishdi. Shunda Umar ibn Xattob: “Agar shu shahar ahlidan bo‘lganingizda, albatta, sizlarni jazolar edim! Rasulullohning masjidida ovozingizni ko‘tarasizlarmi?!”, – dedi. Ba’zi tobe’inlar hadis majlislarida ovoz ko‘tarishni xuddi Rasulullohning huzurlarida ovoz ko‘tarishdek hisoblardilar. Chunki hadis ul zot alayhissalomning so‘zlaridir. Hammod ibn Zayd rohimahulloh aytadilar: “Ayyub Assuhtiyoniynig oldida edik. U hadis aytayotgan edi. Shu payt shovqin eshitildi. Shunda u: “Bu qanday shovqin? Nima, ular Rasulullohning hadislari zikr qilinayotganida ovoz ko‘tarish xuddi hayotliklarida u zotning oldilarida ovoz ko‘tarishdek ekanini bilmaydilarmi?!” – dedi.
Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hurmatlari o‘z tashqi ko‘rinishlariga e’tibor berishlarida ham aks etardi. Agar ular hadis aytmoqchi bo‘lsalar, ko‘rinishlarini tuzatib, go‘zal suratda bo‘lishga intilar va farzandlarini ham shunga ko‘ra tarbiya qilardilar. Abu Salama Xazo‘iy aytadilar: “Molik ibn Anas agar hadis aytgani chiqishni iroda qilsa, huddi namozga tahorat olgandek tahorat qilardi, kiyimlarining eng chiroylisini va bosh kiyimini kiyib, soqolini tarardi. Undan buning boisi so‘ralganida: “Men bu bilan hadisni hurmatlayman”, – deb javob berardi. Ahmad ibn Sinon Vaki’ ibn Jarrohning hadis halqasidagi holat haqida gapirib shunday deydi: “Uning majlisida gaplashilmasdi. Qalam uchlanmas, tabassum ham qilinmasdi. Biror kishi tik turmasdi. Uning majlisidagi insonlar go‘yo namozda turgandek turardilar. Agar Vaki’ o‘zi uchun o‘tirganlarning birortasidan yoqimsiz biror bir narsani ilg‘asa, oyoq kiyimini kiyib, hujrasiga kirib ketardi”.
Imom Molik Abu Hozimning oldidan o‘tib ketayotgan edilar. U hadis aytayotgan edi. Imom Molik esa to‘xtamay o‘tib ketdilar. U kishidan buning sababi so‘ralganida: “Men o‘tirishga joy topolmadim. Rasulullohning hadislarini tik turib qabul qilishni istamadim”, – deb javob berdilar.
Muhammad ibn Sirin rohimahulloh gaplashib, kulishib o‘tirardilar, agar suhbatlariga ko‘ra hadis kelib qolsa, xushu’li bo‘lib qolardilar.
Sa’id ibn Musayyab rohimahulloh betob bo‘lib, yonboshlab yotgan edilar. U kishidan bir hadis haqida so‘ralgandi darhol o‘tirib oldilar. Shunda: “O‘zingiz kasalsiz. Joningizni qiynamasangiz ham bo‘lardi-ku”, – deyishdi. U zot esa: “Yonboshlagan holda Rasulullohdan hadis aytishni istamadim”, – dedilar.
Ibn Muborak rahimahulloh yurib ketayotganlarida u kishidan bir hadis haqida so‘rashdi. U kishi esa: “Bu – ilmga nisbatan hurmatsizlik!” – dedilar.
Bu zotlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lab, muhabbat bilan hurmat ko‘rsatishgani haqida ko‘plab ajoyib xabarlar bor. Shunday voqealardan yana biri Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh bilan sodir bo‘ldi. Abbosiylar xalifaligidan uchtalari – Ma’mun, Mu’tasim va Vosiq birin-ketin almashdi. Ularning har uchalasining davrida ham Imom Ahmad Qur’onning maxluq yoki g‘ayrimaxluqligi xaqidagi fitnalar natijasida zindonbandlik va boshqa qistovlar bilan og‘ir imtihon qilindilar. Lekin bu qiynovlar u zotni avvalgi holatlaridan zarracha o‘zgartirmadi. U zot haqda sobit turdilar. U kishini Vosiqning majlisiga qo‘llari kishanlangan holda olib kirishdi. Imom Ahmad rohimahulloh shu holatlarida ular bilan bahslashib ularni yengdilar. Hujjatlarini yo‘qqa chiqarib, makrlarini barbod qildilar. Shu on Alloh taolo xalifa Vosiqning qalbini ochdi. U imomning sodiqligini, haq uzra turganini bildi va qo‘lidagi kishanlarni yechishga buyruq berdi. U zotning qo‘lini yechishganda Imom Ahmad arqonni o‘zlariga oldilar. Shunda zindon noziri arqonni u kishidan tortib oldi. Vosiq esa arqonni imomga qaytarib berishni buyurib, u zotdan uni nega olganini so‘radi. Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Men u bilan Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida menga zulm qilganlar bilan xusumatlashaman. Va: “Ey Robb! Mana bu bandangdan so‘ra, nima uchun ustimda vojib bo‘lmagan haq bilan meni kishanlashdi, oilamni va birodarlarimni qo‘rqitishdi, deyman”, – deb yig‘ladilar. Bu gapni eshitib Vosiq ham, o‘sha yerdagi odamlar ham yig‘lashdi. So‘ng Vosiq Ahmad ibn Hanbaldan bu da’vosidan kechib, uni ko‘nglini xotirjam qilishini so‘radi. Imom Ahmad rohimahulloh esa: “Ey mo‘minlar amiri! Agar siz Rasululloh sollallohu alayhi vsallamning ahillaridan bo‘lsangiz, ul zotning hurmatlaridan men sizdagi barcha haqqimdan kechdim!”, – deb javob berdilar.
Alloh taolo bizlarga ham shundayin chin muhabbat taftini tuyishni nasib etsin! Rasulullohga salovat va salomlarimizni yetkazsin!