Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda “School 21” raqamli texnologiyalar maktabi hamkorligida “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt: bugun va kelajak” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Xususan, “School 21” maktabida tashkil qilingan anjumanda professor ustozlar, SI mutaxasislari, tadqiqotchilar, xorijlik olimlar hamda OAV vakillari faol ishtirok etdi.
Anjumanni tashkil qilishdan asosiy maqsad raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy muammolar hamda imkoniyatlarni muhokama qilish, zamonaviy yechimlar bo‘yicha tajriba almashish va yosh mutaxassislarni ilmiy faoliyatga keng jalb etishdan iborat.
Tadbir davomida ma’ruzachilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlar bilan ishtirok etdilar: mashina tilida o‘rganish va ma’lumotlar tahlili, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarda raqamli texnologiyalarni qo‘llash, yashil texnologiyalar va barqaror rivojlanish, robototexnika va avtomatlashtirish, kiberxavfsizlikda sun’iy intellektdan foydalanish, shuningdek, sun’iy intellekt etikasi va boshqaruvi masalalari.
Anjuman yakunida ishtirokchilar sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar. Xususan, mazkur tadbir barcha uchun bilim va tajriba almashish, shuningdek, yangi tashabbuslar ilgari surilgan samarali muloqot maydoniga aylandi.
Fotolavhalar bilan tanishish uchun havola...