Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Radovan Karajich umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Radovan Karajich umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Jinoiy tribunallar uchun xalqaro mexanizm appelyasiya palatasi Bosniya va Gersegovina Serb Respublikasining sobiq prezidenti Radovan Karajichni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Avvalroq quyi instansiya sudi Karajichni 1992-1995 yillardagi harbiy jinoyatlar uchun 40 yillik qamoq jazosiga hukm qilgandi.

Gaagadagi sobiq Yugoslaviya bo‘yicha xalqaro tribunal 2016 yil 24 mart kuni bosniyalik serblarning sobiq yetakchisini 1992-1995 yillarda Bosniya va Gersegovinadagi qurolli ixtilof davomidagi jinoyatlar bo‘yicha 11 ta ayblov bandidan 10 tasi, jumladan etnik tozalashlar, ommaviy deportasiya va Srebrenisadagi qatliom bo‘yicha aybdor deb topgan. Karajich himoyasi shu yilning o‘zida sud hukmi yuzasidan shikoyat arizasi topshirgan.

2018 yildagi sud jarayonida ayblov tomoni Karajich uchun umrbod qamoq jazosini talab qilgan.

Mutaxassisligi bo‘yicha ruhshunos bo‘lgan Karajich Serb Respublikasiga 1992 yildan 1996 yilgacha prezidentlik qilgan. Bosniya va Gersegovina 1992 yilda Yugoslaviya tarkibidan chiqishini e’lon qilgach, respublikada bosniyalik musulmonlar, serblar va xorvatlar ishtirokida urush boshlangan. Bu urush 1995 yilgacha davom etgan. Mutaxassislarning baholashicha, o‘sha ixtilof vaqtida 100 mingga yaqin odam halok bo‘lgan.

Bosniya va Gersegovinadagi urushdan keyin Karajich 13 yil xalqaro suddan yashirinib yurgan va 2008 yil iyulida Belgradda qo‘lga olinib, Gaaga sudiga topshirilgan.

Manba: kun. uz

Kiritildi: 20:36 20.03.2019. O'qildi: 1683 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!