Oq uy 30 dekabr kuni Rossiya agressiyasini qaytarish uchun navbatdagi paket ajratilishini rasman e’lon qiladi, dedi AP agentligiga anonimlik sharti bilan ikki amerikalik amaldor. Boshqa narsalar qatorida, paketga 155 va 105 mm kalibrli ko‘p sonli artilleriya snaryadlari, Stinger portativ havo mudofaa tizimi uchun raketalar, HAWK va NASAMS havo mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar kiradi (rasmda).
Agentlik ta’kidlaganidek, joriy Jo Bayden ma’muriyati 20-yanvarga belgilangan prezidentlikka saylangan Donald Trampning qasamyod qilishiga qadar Pentagon zaxirasidan Ukrainaga berilgan 5,6 milliard dollarlik harbiy yordamning qolgan barcha mablag‘laridan foydalanishga ulgurmasligi mumkin. Joriy hafta Bayden Mudofaa vazirligiga Kiyevga qurol yetkazib berishni ko‘paytirishni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Bundan tashqari, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonda Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi orqali uzoq muddatli moliyalashtirish uchun taxminan 1,2 milliard dollar qolgan. Bu mablag‘lar bir yildan erta yetkazib berilmaydigan qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni to‘lashga sarflanadi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, ma’muriyat bu pullarning barchasini 2024 yil oxirigacha berishni kutmoqda.