Bugun 21 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining pasaytirilishi iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

A A A
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining pasaytirilishi iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari soliq yuki va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 3 foiz punktgacha tushiriladigan bo‘lsa, bu iqtisodiyotga qanday ta’sir etishini tahlil qildi.

QQS byudjet daromadlarining asosiy manbai hisoblanadi. 2021-yilda QQS bo‘yicha tushumlar 38,4 trillion so‘mga yetib, jami daromadlarning 23,4% ini tashkil qildi. QQS tushumlarining 44% i sanoat tarmoqlari, 18% i qurilish tashkilotlari, 13% i ulgurji va chakana savdo korxonalarining hissasiga to‘g‘ri keladi.

QQS bo‘yicha soliq yuki iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari bo‘yicha notekis taqsimlangan. Masalan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida soliq yuki 8,5%, qishloq xo‘jaligida salkam 5% bo‘lsa, qurilish va telekommunikasiya xizmatlari yo‘nalishida – 79%, chakana va ulgurji savdoda 59%, sanoatda 43% ni tashkil etgan. Bu iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalari uchun bir xil sharoit yaratilishini cheklab, raqobat tamoyillarining amal qilish doirasini cheklaydi.

Umuman olganda, iqtisodiyot bo‘yicha tarmoqlararo o‘rtacha nisbiy stavka 24% ni tashkil etdi. Bu QQS ning hozirgi 15% li nominal stavkasi sharoitida, haqiqiy stavka 3,6% ni tashkil etishini anglatadi. (15% * 0,24 = 3,6%).

Soliq yukining eng yuqori darajasi narxlarning o‘zgarishi va ishlab chiqarishning boshqa sharoitlaridan qat’iy nazar ularga barqaror talab mavjud bo‘lgan tarmoqlar (qurilish, savdo-sotiq, ayrim xizmat ko‘rsatish turlari)ga xos. Ularning hissasiga iqtisodiyot bo‘yicha ishlab chiqarishning (YAIM va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha) atigi 15%i, ishchilarning 14%i to‘g‘ri keladi. Ushbu guruhning o‘ziga xos xususiyati tashqi muhitga eng kam bog‘liqlik darajasidir.

Soliq yukining o‘rtacha darajasi qazib olish va qayta ishlash sanoati uchun xarakterlidir. Ushbu tarmoqlarga iqtisodiyotda YAIMning ¼ qismi to‘g‘ri keladi. Mazkur tarmoqlar jahon iqtisodiyoti bilan eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan tarmoqlardir. Chunki oraliq importning 83% dan ortig‘i va umumiy eksport hajmining 2/3 qismidan ko‘prog‘i ularning ulushiga to‘g‘ri keladi. Yuqori soliq yuki sanoat mahsulotlari eksportining o‘sishini cheklaydi. Chunki ushbu tarmoqlar uchun QQSning amaldagi yuqori stavkasi tarmoq mahsulotlari narxlarining oshishi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

Tadqiqot davomida quyidagi jihatlar aniqlandi:
QQS tovarlar/xizmatlar narxiga kiritilganligi sababli QQS nominal stavkasining 15% dan 12% gacha tushirilishi iqtisodiyotning real sektorida narxlarning pasayishiga olib keladi.

“Xarajatlar-ishlab chiqarish” narx modelidan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday pasayish 0,81% ni tashkil etadi, deb baholanmoqda.

Narxlarning pasayishiga qayta ishlash sanoati (39%), qurilish (14%) va ulgurji va chakana savdo (10%) tarmoqlari eng katta hissa qo‘shadi, ya’ni ushbu uchta tarmoq ulushiga umumiy narxlar pasayishning deyarli 2/3 qismi to‘g‘ri keladi (0,8% dan).

Shu nuqtayi nazardan, amaldagi va nominal stavkalar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish, shuningdek, standart og‘ish bo‘yicha 22,8% ni tashkil etgan amaldagi stavkalarning tarmoqlararo o‘rtacha ko‘rsatkichini (24%) kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar nisbatan istiqbolli bo‘lishi mumkin. Bu esa QQS bo‘yicha standart stavkasi pasaygan taqdirda ham soliq tushumlarining o‘sishini ta’minlaydi.

Shu o‘rinda QQS tizimini takomillashtirishda Xitoy tajribasiga e’tibor qaratish mumkin. Xitoyda QQS ning standart stavkasi 13% ni tashkil qiladi. 9% li (chakana savdo, ko‘ngilochar, mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, qurilish, transport, pochta va logistika xizmatlari) va 6% li (moliyaviy sektor va sug‘urta, axborot texnologiyalari va konsalting) pasaytirilgan QQS stavkalari amal qiladi.

Soliq solish tizimining tez-tez o‘zgarishi optimal emas. Ammo QQSning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, u o‘zini oqlamagan soliq imtiyozlarining aksariyatini bekor qilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bunda tayyor mahsulotning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi qancha yuqori bo‘lsa, QQS stavkasi ham shuncha past bo‘lishi kerak. Bu esa korxonalarga yangi texnologiyalar va innovasiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish va tez o‘sib borayotgan soliq yuki shaklida katta xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikda yordam beradi.

Kiritildi: 14:17 04.10.2022. O'qildi: 3335 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!