O‘zbekistonda qurilish sohasida olib borilgan nazorat ishlari davomida minglab qonunbuzilish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ektlar aniqlandi.
Senatning 20-yalpi majlisida qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, davlat arxitektura nazorati jarayonida 1,65 mingta qonunbuzilish holati qayd etilgan. Shuningdek, 1,1 mingta bino va inshoot o‘zboshimchalik bilan qurilgani aniqlangan.
Ushbu holatlarning 624 tasi bo‘yicha ma’muriy choralar qo‘llanib, jami 68,6 milliard so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Korrupsiya xavflarini baholash natijasida esa 95 ta past, 10 ta o‘rta va bitta yuqori xavfli yo‘nalish aniqlangan.
Shu bilan birga, davlat xaridlarida "Masofaviy audit" mexanizmi orqali 3 milliard so‘mlik tenderda qonunbuzilishning oldi olingan. 869,5 million so‘mlik materiallar esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
"Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi ham kengaytirilib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ektlarni avtomatik aniqlash imkoniyati yaratilgan. Tizim bir qator davlat axborot platformalari bilan integrasiya qilingan.
Muhokama yakunida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga korrupsiya xavflarini muntazam qayta baholash, yuqori xavfli yo‘nalishlarda nazoratni kuchaytirish va manfaatlar to‘qnashuvi deklarasiyalarini tahlil qilish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish, arxitektura nazoratidagi qonunbuzilishlarning tizimli sabablarini bartaraf etish va raqamli nazorat samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.