Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Qo‘l ostidagilarga yaxshi munosabatda bo‘lish

A A A
Qo‘l ostidagilarga yaxshi munosabatda bo‘lish

Endi qo‘l ostidagilar bilan muomala odobi haqidagi ta’limotlar bilan tanishamiz. Bu yerda bir narsaga alohida e’tibor berishimizga to‘g‘ri keladi. Ushbu masalaga oid hadisi sharif va rivoyatlarda qul va cho‘rilar haqida ham so‘z boradi.

Albatta, hozirda qullik tuzumi tugatilgan. Bu tuzumga qarshi kurashni birinchi bo‘lib Islom boshlagan va juda ko‘plab namunali ishlarni qilgan.

Ushbu sahifalarda keladigan «qul» va «cho‘ri» lafzlarini «xodim» va «xodima» deb tushunsak bo‘laveradi.

Dunyodagi barcha xalqlarda qo‘l ostidagilarga bo‘ladigan muomalaning o‘ziga yarasha madaniyati bor. Ular turlicha ekanini ham yaxshi bilamiz. Bugungi kunimizda ham xuddi shu mavzuda har xil munosabat va amallarning guvohi bo‘lib kelmoqdamiz.

Islom dini ta’limotlari bo‘yicha qo‘l ostidagilarga qanday muomala qilish kerakligini kelgusi hadisi sharif va rivoyatlardan o‘rganamiz.

156. Ali ibn Abu Tolib solavotullohi alayhidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘irlashib qolganlarida: «Ey Ali! Menga qog‘oz-qalam olib kel, ummatimni zalolatga ketishdan asraydigan bir narsa yozib beray», dedilar. Kelgunimcha jon taslim qilib qolishlaridan qo‘rqib: «Yozdirmoqchi bo‘lgan narsangizni albatta yodlab olaman», dedim. Boshlari bilaklarim va tirsagim orasida edi. Namoz(ni to‘kis ado etish), zakot(ni berish) va qo‘l ostidagilar(ga yaxshi munosabatda bo‘lish) haqida tavsiya qildilar. Jon taslim etgunlaricha shularni aytib, «Ashhadu allaa ilaaha illalloh va anna Muhammadan ’abduhu va Rasuluh», deb guvohlik berishga amr qildilar va kim bu ikkisi bilan guvohlik bersa, do‘zax unga harom bo‘ladi», dedilar».

Sharh: Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan oldin o‘z ummatlariga vasiyat qilgan ba’zi narsalar haqida so‘z yuritilmoqda.

Ular quyidagilardan iborat:

1. Namoz.

2. Zakot.

3. Qo‘l ostidagilarga yaxshilik qilish.

4. Kalimai shahodatni mahkam tutish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldin qilgan vasiyatlarida qo‘l ostidagilarga yaxshilik qilish ham bo‘lishi bu amalning ahamiyati qanchalar katta ekanini ko‘rsatadi.

Manba:azon.uz

Ayniqsa qo‘l ostidagilarga yaxshilik qilish namoz, zakot va shahodat keltirish orasida zikr qilinishiga alohida e’tibor berishimiz kerak.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan oldin vasiyatnoma yozib qoldirmoqchi bo‘lganlari.

2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida hazrati Ali roziyallohu anhuning maqomlari yuksak bo‘lgani.

3. Namoz ibodatining qadri g‘oyat ulug‘ligi.

4. Zakotning qadri ham g‘oyat ulug‘ligi.

5. Shahodat kalimalari bilan vafot etgan shaxs do‘zaxiy bo‘lmasligi.

6. Qo‘l ostidagi kishilarga zulm qilmaslik ham nihoyatda ahamiyatli ish ekani.

157. Abdullohdan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Chaqirganga ijobat qilinglar, hadyani qaytarmanglar va musulmonlarni urmanglar», dedilar».

Sharh: Bu hadisda ham bir qator muhim ijtimoiy masalalar ko‘tarilgan. Jumladan, bir odam biror marosim qilib, mehmonga chaqirsa, unga borish kerak.

Albatta, bu katta masala, chunki taklif qilingan marosim islomiy bo‘lishi, odob-axloq doirasida bo‘lishi, halol bo‘lishi kerak va hokazo. Ana shunday takliflarga ijobat qilish lozim. Borilmasa, chaqirgan kishi xafa bo‘ladi. Bu esa ijtimoiy aloqalarning zaiflashishiga, musulmonlarning o‘zaro munosabatlariga futur yetishiga sabab bo‘ladi.

Ulamolar: «Nikoh to‘yiga shaxsan taklif qilinganda borish vojib, qolgan chaqiriqlarga borish mustahabdir», deganlar.

Hadyani qaytarmaslik ham muhim masala. Bir kishi hadya bersa, hadya berilgan kishi uni olmasa, bergan odamning ko‘ngliga har xil fikr keladi –  «Nimaga olmadi, meni yomon ko‘radimi, haromdan topgan deb o‘yladimi?» kabi xayollarga boradi.

Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadyani rad qilmaslikni buyurganlar.

«Musulmonlarni urmanglar».

Odatda odamlarni urish ko‘proq qo‘l ostidagilarni urish orqali yuzaga chiqqani uchun ham bu hadisi sharif ushbu bobda keltirilmoqda. Darhaqiqat, birovni urish bir umr esda qoladigan ish. Buning ma’naviy jarohati ham og‘ir bo‘ladi. Bunday ish jamiyatda keng tarqalsa, musulmonlarning o‘zaro aloqalari buziladi, bunday jamiyat tanazzulga uchrab, oxiri halokatga duchor bo‘lishi turgan gap.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Da’vatga ijobat qilish kerakligi.

2. Hadyani qaytarmaslik lozimligi.

3. Musulmonlarni urish mumkin emasligi.

158. Ali salavotullohi alayhidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oxirgi kalomlari «Namoz! Namoz! Qo‘l ostingizdagilar borasida Allohdan qo‘rqinglar!» bo‘lgan edi».

Sharh: Avval o‘tgan rivoyatlardan bilganimizdek, hazrati Ali roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi nafaslarida u zotning muborak boshlarini qo‘llarida tutib turganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘lim oldidan «namoz, namoz» deb ko‘p aytgan ekanlar, ya’ni «Namozni unutmanglar, namozga ehtiyot bo‘linglar, uni mahkam tutinglar», deb turib, yana: «Qo‘l ostingizdagilarning (qullarning) haqqida Allohdan qo‘rqinglar, ularni azoblamanglar, og‘ir vazifa buyurmanglar, ularning haqqini poymol qilmanglar», degan ekanlar.

Bu haqiqatni rahbar xodimlar, ishboshi va xo‘jayinlar yaxshi bilishlari va qo‘l ostidagi odamlarga nisbatan muomalalari go‘zal tarzda bo‘lishi uchun harakat qilishlari lozim bo‘ladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 07:33 17.09.2018. O'qildi: 2435 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik