Qozog‘iston 10 yilgacha muddatga yashash huquqini beradigan investorlik vizasini olish qoidalarini tasdiqladi.
Bu haqda mamlakatning Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi, deb yozmoqda Tengrinews.kz.
Vizani Qozog‘iston kompaniyalarining ustav kapitaliga yoki mahalliy qimmatli qog‘ozlarga kamida 300 ming dollar mablag‘ kiritgan chet elliklar rasmiylashtirishi mumkin. Ariza elektron shaklda topshiriladi.
TIV vakillari ta’kidlashicha, dastur investision jozibadorlikni oshirish va uzoq muddatli ishbilarmonlik hamkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. U AQSH, Yevropa Ittifoqi, BAA va Singapurda amal qilayotgan tizimlarga o‘xshash.
Vazirlik ma’lum qilishicha, "oltin viza" chet ellik investorlarga huquqiy kafolatlar va barqarorlik ta’minlaydi. Hujjat e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.