Bu tadbirga mamlakatda uzoq va batafsil tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, milliy alifbo keng jamoatchilik va Qonunchilik palatasida qayta-qayta muhokama qilindi. Kirill yozuvidan lotinga o‘tgan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston davlatlari tajribasi o‘rganildi.
Shuningdek, Qozog‘istonda 1929-1940 yillarda amalda bo‘lgan lotin yozuvini qo‘llash amaliyotidagi ijobiy va salbiy tomonlar ham sarhisob qilinmoqda. Kutubxonalardagi fondlarni yangilash, bosma nashrlarni chop etishda poligrafiya imkoniyatlarini safarbar etish quvvatlari hisob-kitob qilinib 2025 yildan mamlakat bo‘ylab yoppasiga lotin grafikasiga o‘tishga kelishildi.
O‘quv yurtlarida, aholi yashash joylarida lotin yozuviga o‘tish bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmoqda. Hatto prezident Nursulton Nazarboyevning o‘zi vaqt topib qozoq adabiyotining klassigi A bay asarlaridan parchalarini lotin harflarida yozib mashq qilayotganini ta’kidlagan. Internet xabarlariga qaraganda, Janubiy Qozog‘iston viloyatining hokimi Jonsayit Tuymaboyev esa nufuzli oliy o‘quv yurti talabalari bilan lotin grafikasi bilan bog‘liq master klass shaklidagi amaliy uchrashuvlarni uyushtirgan.
Ayni paytda joy nomlari ko‘rsatgichlari, peshlavhalar, rasmiy yozishmalar blankalari va boshqa hujjatlar asta-sekin lotin yozuviga o‘tkazilmoqda. Tayyorgarlik ishlari izchil davom etadi.