Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Qoraqalpog‘istondagi fojia: bir oilaning to‘rt a’zosi qanday sirli o‘lim topdi?

Qoraqalpog‘istondagi fojia: bir oilaning to‘rt a’zosi qanday sirli o‘lim topdi?

Bir oilaning to‘rt a’zosi qanday sirli o‘lim topdi?

Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l va Xo‘jayli tumanlarida yuz bergan ikki fojia ko‘pchilikni sergak torttirdi. Ma’lum bo‘lishicha, ulardan birida ikki yoshning o‘z joniga qasd qilishi oqibatida 20 yoshli qiz vafot etgan, yana birida esa bitta oilaning to‘rt nafar a’zosi sirli ravishda o‘lim topgan. Turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatlar bilan tanishish maqsadida tumanlarda bo‘ldik. Xo‘sh, aslida voqealar qanday sodir bo‘lgan edi? Bunga qaysi omillar sabab bo‘ldi?

O‘lim bilan isbotlangan muhabbat

Ikrom va Shohida (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)ning ota-onalari ularni bolaligidan bir-biriga atab qo‘yishdi. Vaqt o‘tgan sayin yoshlarning ham ko‘nglida iliqlik uyg‘onib, bir-biriga mehr qo‘yishdi. Bu orada qiz o‘z kuchi bilan oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi, yigit esa do‘stlari bilan azim poytaxtga ishlagani ketdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Ikromga Shohidani qo‘shni mahalladagi bir yigit o‘g‘irlab ketganini aytishdi. Bu xabardan shoshib qolgan yigit darhol qiz bilan gaplashib, vaziyatga oydinlik kiritishini, aslida nima bo‘lganini so‘raydi. Shohida yigitga voqeani tushuntirar ekan, uning ortidan borgan qarindoshlari o‘g‘irlangan qizning uyiga qaytishi yaxshi alomat emasligini aytib, uni qoldirishganini bildiradi.

Shundan so‘ng yoshlar ayriliqdan o‘limni afzal bilib, o‘z joniga qasd qilish maqsadida Beshko‘pir ovul fuqarolar yig‘inidagi Yeshimoxun qabristoniga borishadi. Yigit dastlab qizga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazib, so‘ngra o‘zining qorin qismiga bir necha marotaba urib, bo‘yin va bilak qon tomirlarini kesadi. Bu orada yigit akasiga qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida aytadi va ularni yonma-yon dafn qilishlarini so‘raydi. Hodisa joyiga yetib kelgan Tez yordam xodimlari yigitning hayotini saqlab qolishadi, 20 yashar qiz esa vafot etadi.

Fojiaga qiz o‘g‘irlash odati sababchimi?

Bo‘lib o‘tgan voqeadan barchamiz qayg‘udamiz, deydi Beshko‘pir ovul fuqarolar yig‘ini raisi Mansur Bekmuratov. Boisi yoshlar bu yerda yashamasa-da, voqea butun ovulni larzaga soldi. Endi bunday qahramonlik boshqa yoshlarga namuna bo‘lmasligi lozim. Buning uchun ularning tarbiyasiga, yurish-turishiga yanada e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Hozir fojiada ayrimlar yoshlarni, boshqalar esa qizini qaytarib olib kelmagan ota-onani qoralamoqda. Bizningcha, fojianing yana bir muhim sababi borki, u ham bo‘lsa qiz o‘g‘irlash odatining ommalashayotganidir.

Darhaqiqat, hudud odamlari orasida qiz o‘g‘irlash urf-odat darajasidagi an’ana degan noto‘g‘ri dunyoqarash shakllanib qolgan. Bu udumning noto‘g‘riligini, qiz bilan yigit faqatgina kattalarning sovchiligi va roziligidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tib, nikohlanishlari zarurligi tushuntirilayotgan bo‘lsa-da, bunday hodisalar hali-hamon uchrab turibdi. Aksariyat hollarda qiz ikki yoshning roziligi bilan olib qochiladi. Afsuski, ushbu an’ana ortidan ko‘ngilsiz holatlar ham kuzatilmoqda. Qizning roziligisiz olib qochilishi, kattalar esa eshik ko‘rdi deya uni majburan qoldirib ketishi oqibatida baxtsiz oilalar barpo bo‘lmoqda. Yuqoridagi holat ham bunga dalil bo‘la oladi.

Ayrim oilalar moddiy tomonini o‘ylab, qiz olib qochishga qarshi bo‘lmaydi, deydi Navro‘z ovul fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Jadira Serkebayeva. Boisi qiz o‘g‘irlangach, to‘yga yig‘inishga zarurat tug‘ilmaydi, tantanani iloji boricha kichikroq o‘tkazib olishadi. Ammo bu yoshlarning ruhiyati, kelgusi turmushiga salbiy ta’sir qilayotganini unutmaslik kerak. Ba’zida olib qochilgan qiz kuyovni yoqtirmasligi, kattalarning qistovi bilan majburan yashayotgani bois tushkunlikka tushib qoladi.

Mazkur holat yuzasidan Qonliko‘l tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shifoxonadan chiqqan Ikrom Salmonov esa gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinib, unga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qonliko‘l tumani sudining ajrimi bilan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bir oilaning to‘rt a’zosi nega halok bo‘ldi?

Xo‘jayli tumanidagi Sarishungul ovulida yuz bergan fojia esa ko‘pchilikni esankiratib qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, bir oilaning to‘rt a’zosi 24 yoshli ona va uch oylik go‘dakning jasadi uy yonidagi quduqdan, uy ichidan esa ikki va to‘rt yoshli bolalarning murdalari topilgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ayol va uning chaqalog‘i o‘limiga nafas yo‘llariga suv tiqilishi sabab bo‘lgan, uy ichidan topilgan ikki bola esa nafas yo‘llarining bo‘g‘ilishi oqibatida vafot etgan.

Tinch oiladagi notinchlik sababi nima?

Mazkur holat yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida Sarishungul ovul fuqarolar yig‘inida muhokama o‘tkazildi. Hodisaning kelib chiqish sabablari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu oila o‘ziga to‘q, tinch oilalardan edi, deydi yig‘inning sobiq raisi N.Qapanov. Hududimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish jarayonida sektor xodimlari bir necha marotaba bu oilada bo‘lishgan. Ammo na biror nizoli va na moddiy tomondan muammo aniqlangan. Uchta norasidasi bo‘laturib oila a’zolari moddiy yordam yoki bolalar nafaqasi tayinlash masalasida murojaat qilmagan. Sharoitlari yaxshi uyda kelin va bolalar bilan birga, qaynona va qaynota, ularning 8-sinfda o‘qiydigan qizi ham yashab kelgan. Turmush o‘rtog‘i esa Qozog‘istonda ishlab, kelib-ketib turardi.

Darhaqiqat, qo‘ni-qo‘shnilar bilan suhbatlashar ekanmiz, bu oilada biror marta janjal bo‘lgani yoxud er-xotin mojarosi kuzatilganini hech kim eshitmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayolning turmush o‘rtog‘i so‘nggi marta qo‘shni davlatga o‘tgan yilning noyabr oyida ketib, joriy yilning 25 mart kuni kelgan. Ammo kelganidan so‘ng 2-3 kun davomida uyida ko‘rinmagan. Shu bois ayrimlar oilasi bilan ishi bo‘lmagan erkakning bunday xatti-harakatlari ayolning ruhiy holatiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surishmoqda.

Voqea yuz bergan hudud aholisi, ayolning yaqinlari bilan suhbatlashdik, deydi Xo‘jayli tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Suluvxon Dursomurotova. Shu vaqtgacha bu oilada hech qanday kelishmovchilik bo‘lmagan. Ayol na qaynonasi va na eri bilan sen-menga bormagan. Ayni jihatdan voqea mulohaza qilib ko‘rilsa, ayolning ruhiy holati bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, oilalar bilan ishlashda faqatgina ularning moddiy qiyinchiliklarini bartaraf etish bilan cheklanib qolmay, xonadon a’zolarining ruhiy holatiga ham e’tibor qaratishimiz lozim. Buning uchun mahallalarda psixologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak, menimcha.

Mahalladagi muhit qoniqarlimi?

Voqea sodir bo‘lgan hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit bilan yaqindan tanishdik, deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Ibragimov. Yig‘inda faollarning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, aholi bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish, bandlikni ta’minlash masalalarida kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda e’tiborsizlik, loqaydlik holatlari uchragan. Yuqoridagi voqea ham oilalar bilan ishlashda hali muammolar borligini ko‘rsatdi.

Loqaydlik va beparvolik barcha illatlarning doyasi. Vaholanki, yon-atrofimizdagi insonlarga, voqea-hodisalarga nisbatan qanchalik loqayd bo‘lsak, uning sirtmog‘i shu qadar ko‘p odamni o‘z domiga tortaveradi. Muammolarga o‘ralashib qolgan odam, avvalo, tevaragidan yechim, malham, taskin kutadi. Javob bo‘lmagach, oqibati ayanchli tugaydi.

Shu ma’noda yuqoridagi holat ham mahalla faollari, qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindosh, jamoatchilikning e’tiborsizligi va loqaydligi tufayli sodir bo‘ldi. Agar Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir oilaning turmush sharoiti bilan mahalla faollari yaqindan tanishganida, uydagilar bilan yuzma-yuz suhbatlashganida bu hodisa yuz bermas edi.

Har qancha muhokama qilinmasin, mudhish voqea sodir bo‘ldi. O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan mahalla raisi, fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi esa egallab turgan vazifasidan ozod qilindi.

Ayni paytda yuqoridagi holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Manba: mahalladosh.uz

Kiritildi: 10:05 08.04.2019. O'qildi: 3916 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!