Qirg‘izistonda sentyabr oyidan shifokorlarning maoshi 50 foizga oshiriladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Mederbek Ismoilovga tayanib Daryo nashri xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari 24 iyun kuni Jogorku Keneshning ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida bu haqda ma’lumot bergan. U hamshiralarning maoshi 20 foizga, past lavozimli tibbiyot xodimlarining maoshi esa 10 foizga oshishini aytgan. Ismoilov bu masala allaqachon hal bo‘lganini ta’kidlagan.
“Ular menga takliflar berdi. Qisqa muddatli chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi prezident farmoni tayyorlanmoqda. 1 iyuldan ayrim toifadagi shifokorlar uchun 20 ming somdan (salkam 3 million so‘m) qo‘shimcha to‘lov beriladi”, — dedi u.
Aprel holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda shifokorlarning o‘rtacha oylik maoshi 2023 yil 23,5 ming somni (3,4 million so‘m) tashkil qilgan.