Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

«Qimor jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkin?!»

«Qimor jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkin?!»

O‘zbekistonda "bukmekerlik orqali futbolni rivojlantiramiz" niqobi ostida xalq boshiga katta ofatlar olib kelishi mumkin bo‘lgan faoliyat qonuniylashtirilish arafasida.

Bu haqda Islom moliyasi qanday fikrda?

Qimor, pul-buyum lotereyalari, turli pullik “o‘yinlar” faqat odamlarning omad va mo‘’jizaga bo‘lgan ko‘r-ko‘rona ishonchi, dangasaligi, ochko‘zligi, mehnat qilmasdan bir zumda boyib ketish ishtiyoqi tufayli hanuzgacha rivojlanib bormoqda. Internetda qimorxonalarda yutish ehtimolining juda ham kamligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar juda ko‘p, shularning biri bilan mana bu havolada tanishishingiz mumkin.

Vaholanki, qimor o‘ynashga kirishayotgan har bir odam (a) yutuq ehtimoli yutqizish ehtimolidan solishtirib bo‘lmaydigan darajada kamligini boshidanoq tushunadi, (b) pullarini fikr-mulohaza asosida emas, ehtirosga berilgan holda gardkamiga ishlatish qarorini qabul qiladi.

O‘yinlar nazariyasi

Nol (na zarar, na foyda) natijali o‘yinlar. Bunday o‘yinlarda bir tarafning mag‘lubiyati evaziga ikkinchi taraf g‘alaba qozonadi. Bunga yaqqol misol bo‘lib turli qimor o‘yinlari, lotereyalar va shu kabi odamlarning ehtiros va ishtiyoqiga asoslangan o‘yinlar xizmat qilishi mumkin. Islom huquqshunosligi ishtiyoqqa asoslangan gardkamchilikning har qanday turini, jumladan shunday gardkamchilikka asoslangan tadbirkorlik faoliyatini ham mutlaqo taqiqlaydi. Buning bir qancha sabablari bor:

- boyliklarni taqsimlashdagi yaqqol adolatsizlik, ya’ni maqsadsiz ravishda pul sarflagan o‘n/yuz/minglab kishilarning hisobidan bir nechta kishigina boylik orttiradi (va odatda bunday osonlik bilan mehnatsiz topilgan boylik tezda isrof bo‘lib yo‘qolib ketadi);

- nomutanosib ayirboshlash holati vujudga kelishi, ya’ni sarflangan mablag‘ (lotoreya yoki qimor uchun sarflangan pul) evaziga biror bir qiymatga ega bo‘lgan narsa olinmaydi. Bunday nomutanosib ayirboshlash Alloh tomonidan taqiqlangan bo‘lib, “birovning molini nohaq yeyishga” kiradi.

- qimor biror bir iqtisodiy manfaat keltirmaydi. Islom huquqshunosligiga asosan sarmoya biror foydali mahsulot va xizmatlarga sarflanishi zarur. Qimor esa mavjud bo‘lgan boyliklarni adolatsiz ravishda qayta taqsimlaydi xolos. Boshqachasiga buni qonun doirasidagi o‘g‘rilik deb atash mumkin.

- gardkamiga qabul qilinadigan qarorlar doimo omadga bog‘liq bo‘lib, ongli ravishda qabul qilingan qaror deb bo‘lmaydi. Alloh taolo esa bizni aqlni ishga solib, tafakkur asosida qarorlar qabul qilishga chaqiradi.

- gardkam qarorlar deyarli doim mag‘lubiyatga olib boradi, islom dini esa biror loyihani boshlashdan avval hisob-kitob qilishga va loyihaning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lsagina pul tikishga undaydi, albatta, bu qimor konsepsiyasiga zid.

- bunday qarorlar ishyoqmaslikni, mo‘’jizaga ko‘r-ko‘rona ishonchni va go‘llikni keltirib chiqaradi. Islom esa mehnat qilishga va halol yo‘l bilan pul topishga chaqiradi.

- qimor va gardkamiga qabul qilingan biznes qarorlar jamiyatda tabaqalanish paydo bo‘lishiga, odamlar boy va kambag‘alga bo‘linishiga sabab bo‘ladi. Islom dini esa doimo ijtimoy adolat nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishga chaqiradi.

- qimor va shu toifaga kiruvchi o‘yinlar huddi mast qiluvchi ichimlik va giyohvand moddalar kabi tobelikni keltirib chiqaradi, ruhiy beqarorlikka, aksilijtimoiy hatti-harakatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi va haqiqatda muhim bo‘lgan ishlardan chalg‘itadi.

- qimorbozlik insonni jinoyat qilishga undaydi, zero, pulini yutqazib hech nimasiz qolgan inson har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham tez pul topishni o‘ylaydi va o‘g‘rilik, firibgarlik, poraho‘rlik kabi jinoiy yo‘llar bilan pul topish taraddudiga tushib qoladi.

- qimor va va gardkamiga qabul qilingan biznes qarorlar aksar hollarda o‘z joniga suiqasd qilish hollarining ko‘payishiga, oilalarning buzilishiga va boshqa musibatlarga sabab bo‘ladi.

(Qimor o‘ynashga ishqibozlar orasida o‘z joniga qasd qiluvchilarning nega ko‘p bo‘lishi masalasiga bag‘ishlangan rasmiy ilmiy tadqiqotlar manbasi mana bu yerda. https://www. ncbi. nlm. nih. gov/pubmed/25808267)

Alloh taolo Qur’oni karimda (2:219, 5:90-91) juda katta salbiy - ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ruhiy - oqibatlari borligi sabab qimor va shu kabi o‘yinlarni, hamda o‘ylamay, faqat omadga bo‘lgan ko‘r-ko‘rona ishonch asosida qaror qabul qilishni taqiqlagandir, vallohu a’lam.

Biroq, shunday odamlar borki, ular gardkamchilikni ma’lum bir tavakalga (risk) asoslangan biznes qarorlarga taqqoslab, ularni bir biriga o‘xshatishga urinadilar. Misol uchun, tadbirkor yangi ish boshlaganida u bu ishni natijasi qanday bo‘lishini, yoki dehqon ekin ekishni boshlaganda, uning yeri qanchalik hosildor bo‘lishini bilmay ish boshlaydi. Lekin bunday o‘xshatishlik umuman noo‘rin, chunki tadbirkor ham, dehqon ham tabiiy noaniqlik sharoitida qaror qabul qilishadi, lekin bu qarorlar ularning bilimi, tajribasi, hisob-kitoblari va boshqa omillarga asoslangan bo‘ladi. Bundan tashqari, ular munosib turmush tarzini ta’minlash uchun qo‘shimcha iqtisodiy manfaat keltirishadi. Qimor jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkin?!

Shunday qilib, islom, adolat va odob-axloqqa asoslangan halol mehnat ustiga qurilgan va ijtimoiy manfaat payda bo‘lishiga sabab bo‘luvchi hayotni himoya qiladi. Buning aksi o‘laroq, qimor / gardkamchilik va spekulyasiyalar adolatsizlik, telbalik, andishasizlik va umidsizlikka olib boradi.

Maqola bilan to‘liq bu yerda tanishishingiz mumkin

Kiritildi: 10:39 28.11.2019. O'qildi: 2985 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!