Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topildi

Qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2012 yil 06 avgustdagi hukmiga ko‘ra, H.O O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan JKning 45,57-moddalari qo‘llanilib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, O.H 2010 yil 1 fevraldan Nurota tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelib, mas’ul mansabdor shaxs bo‘la turib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, Nurota tuman hokimligi iqtisodiyot bo‘limi yetakchi mutaxassisi A.J bilan oldindan til biriktirib, tuman hududida faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy savdo korxonalari rahbarlarini
8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilish huquqidan mahrum qilish, ularning savdo do‘konlariga biriktirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi hudud aholisi sonini kamaytirish yoki aholi sonini boshqa savdo do‘konlariga biriktirish bilan qo‘rqitib,  2011 yil may  oyida E.Yadan 100.000 so‘m, J.Bdan 100.000 so‘m, O.Xdan 100.000 so‘m, B.Xdan 100.000 so‘m, N.Rdan 100.000 so‘m, E.Adan 100.000 so‘m, T.Shdan 100.000 so‘m, SH.Sdan 50.000 so‘m, I.Mdan 50.000 so‘m, N.Sdan 50.000 so‘m, Q.Odan
100.000 so‘m, I.Adan 50.000 so‘m, M.Rdan 50.000 so‘m va 30.000 so‘mlik yaxna ichiliklar, T.Ndan 88.000 so‘m, Q.Sdan 50.000 so‘m, Q.Odan 100.000 so‘m;

2011 yilning iyul, avgust oylarida B.Idan 54.000 so‘m va
100.000 so‘m, S.Bdan 100.000 so‘m, S.Gdan 100.000 so‘m, SH.Sdan 50.000 so‘m, J.Bdan 80.000 so‘m, E.Adan 50.000 so‘m;

2010 yilning dekabr oyida A.Xdan 600.000 so‘m va 150.000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini;

2011 yil yanvar oyida iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i K.S orqali N.Rdan 100.000 so‘m;

2011 yilning yoz oyida B.Pdan 100.000 so‘m, tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasi boshlig‘i YO.M orqali R.Sdan 210.000 so‘mlik sementni;

2011 yilning iyun oyida O.Xdan 100.000 so‘m pulni tamagirlik yo‘li bilan takroran pora tariqasida olganlikda aybli deb topilgan.

Sudlangan O.H hamda uning himoyachisi-advokat SH.Sh shikoyatida, O.Hning aybsizligini, harakatida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli oqlov ajrimi chiqarishni so‘rashgan.

       O‘zbekiston Respublikasi JKning 22-moddasi talablariga ko‘ra, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozim.

Ushbu kodeksning 463-moddasi 1-qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 2014 yil 23 maydagi 7-sonli Qarorining 4-bandiga muvofiq, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi;

dalillar maqbulligi nuqtai nazaridan baholanishida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-prosessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan tushuntirishlarga amal qilinishi lozimligi;

dalillarni baholash jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etilishi;

tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanishi, sudlanuvchining aybdorligi (aybsizligi) to‘g‘risidagi sudning xulosalariga zid bo‘lgan dalillar hukmda nafaqat ko‘rsatilishi balki, sud tomonidan nima uchun ular ishonchsiz deb topilganligi va rad etilganligi sabablari asoslantirilgan bo‘lishi lozimligi;

hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi lozimligi;

5-bandida, “Sudlarning e’tibori, JPKning 22-moddasiga binoan ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligiga qaratilishi;

sudlar hukm JPKning 26, 90 va 455-moddalari talabiga binoan faqat sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligini e’tiborga olishlari kerakligi”gi haqida tushuntirishlar berilgan.

Biroq sud, sudlangan O.Hga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandida (2001 tahririda), mas’ul mansabdor shaxs tomonidan pora olganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Mazkur jinoyatning ob’ekti davlat hokimiyati, boshqaruv va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining normal faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydigan ijtimoiy munosabatlar, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari hisoblanib, ob’ektiv tomondan pora olish mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy naf ko‘rishida ifodalanadi.

Sudlov hay’ati, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha pora predmeti bo‘lmagani va aniqlanib olinmagani, O.Hning pora olganligi va tuman hududida faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy savdo korxonalari rahbarlarini 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilish huquqidan mahrum qilish, ularni savdo do‘konlariga biriktirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi hudud aholisi sonini kamaytirish yoki aholi sonini boshqa savdo do‘konlariga biriktirish bilan qo‘rqitganligi ish holatlari bilan tasdiqlanmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oliy sudi raisi, Milliy xavfsizik xizmati raisi, Ichki ishlar vaziri tomonidan
2014 yil 23 iyunda imzolangan “Poraxo‘rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda qonun talablariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma ko‘rsatmaning 8.1-bandida, arizachining ko‘rsatmasi, shaxsning aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan holatlar ham boshqa ob’ektiv dalillar aniqlanmagan taqdirda ayblash uchun yetarli asos bo‘la olmasligi inobatga olinishi;

8.2-bandida, shaxsga ayb e’lon qilishga faqat ob’ektiv dalillar majmuigina asos bo‘lishi mumkinligi, bunda, dalillar doirasini pora beruvchi va u bilan bog‘liq shaxslarning ko‘rsatmalari hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalar bilan chegaralab qo‘ymasdan, shaxsni ayblash uchun pora predmetining olinishi, qonunlar bilan belgilangan tartibda pochta-telegraf va elektron jo‘natmalari, audio yoki videoyozuvlar, telefon yoki boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar aniqlanishi kabi aniq mezonlar bilan asoslantirish shartligi (jinoyat ustida ushlash holatlari bundan mustasno);

8.3-bandida, arzning yoki aybiga iqrorlik ko‘rsatmalarining haqqoniyligi, ixtiyoriyligi, har qanday tazyiqlardan xoliligi sinchkovlik bilan tekshirilishi hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari, ob’ektiv dalillarsiz, shaxsning aybini isbotlovchi “ustun” dalil sifatida e’tirof etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligi qayd etilgan.

JPKning 112-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko‘rsatuvlari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqror bo‘lish mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasiga muvofiq, qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 493-moddasida jinoyat ishini apellyasiya, kassasiya yoki nazorat tarbida ko‘rib, sud ushbu Kodeksning
83-moddasi va 84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilgan dalillar sudlanuvchini aybli deb topish uchun yetarli bo‘lmasa va qo‘shimcha dalillar to‘plash imkoniyati qolmagan bo‘lsa, ayblov hukmini bekor qiladi va jinoyat ishini tugatadi deb belgilangan.

Qayd etilganlarga asosan, sudlov hay’ati, tergov va birinchi bosqich sudida O.Hning pora olgani haqidagi aybi kassasiya instansiyasida biron bir dalillar majmui bilan tasdiqlanmagani va uning O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandi (yoki JKning
210-moddasi boshqa qismlari hamda bandlari)da nazarda tutilgan pora olish jinoyatini sodir etganligi o‘z isbotini topmaganligi sababli, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi kassasiya instansiyasining 2019 yil
12 sentyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2012 yil 06 avgustdagi hukmi bekor qilinib, H.Oning harakatida O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilib, H.O aybsiz deb topilib, oqlandi.

H.Oga, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 304-313-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, jinoiy ta’qib natijasida yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini bartaraf qilish huquqi tushuntirildi.

 

  Z.Qurbonov, 

 KSH-4-06/154-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudining

sudyasi

Kiritildi: 14:06 29.11.2019. O'qildi: 1620 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!