Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Qashqadaryodagi ruhiy asab kasalliklar shifoxonasida bemor ayovsiz kaltaklandi

Qashqadaryodagi ruhiy asab kasalliklar shifoxonasida bemor ayovsiz kaltaklandi

«Daryo» tahririyatiga kelib tushgan murojaatlarning birida Qashqadaryo viloyatidagi ruhiy asab kasalliklar shifoxonasida bemor ayovsiz kaltaklangani xabar qilinadi. Murojaatchi Istat Ernazarova 1982 yilda tug‘ilgan qizi Mohichehra Tursunqulovani joriy yil 20 iyun kuni shifoxonaga olib kelganini, 22 iyun kuni esa qizining qo‘li, oyog‘i va tanasini ko‘kargan holda ko‘rganini yozadi.

Voqea tafsilotlarini o‘rgangan «Daryo» muxbirining yozishicha, 2-guruh nogironi Mohichehra Tursunqulova 21 iyun kuni tonggi 3–4 larda shifoxonadagi 2 nafar bemor tomonidan kaltaklangan.

Bu haqda shifoxona bosh shifokori Abdujabbor Kenjayev shunday deydi: «21 iyun kuni tong azon soat 3–4 larda bemorlar o‘sha kungi hamshira Dilorom Rajabova, sanitarkalar Kayibxon Velixanov, Dilorom Hotamova, Shahnoza Jo‘rayevalar nazoratida shifoxona hojatxonasiga olib borilganda, yangi kelgan bemor Mohichehra Tursunqulova Nargiza va Mavjuda ismli bemorlar tomonidan kaltaklangan. Shovqin-suron bo‘lganini sezgan xodimlar bemorlarni borib ajratgan. Ammo ular ajratgunga qadar Mohichehra Tursunqulova rosayam kaltaklangan. Oqibatda bemorning qo‘li, tanasi va oyoqlarida qorayish hosil bo‘lgan».

Bosh shifokorning qo‘shimcha qilishicha, ushbu holatdan xabar topilgach, voqea sodir bo‘lgan kuni navbatchilikda bo‘lgan hamshira Dilorom Rajabova, sanitarkalar Kayibxon Velixanov, Dilorom Hotamova, Shahnoza Jo‘rayevalarga intizomiy jazo chorasi, hayfsan berilgan.

— Bemorlarning o‘zaro tortishuvi, urushi tez-tez bo‘lib turadi, — deydi shifoxona bosh shifokori. – Boisi, bemorlarda kasallik xuruj qilgan payti, dori ta’siri susayganda tajovuzkor bo‘lib qoladi. Ammo shunga qaramasdan e’tiborni susaytirmasligimiz kerak. 21 iyun kuni e’tiborsizlik qilgan xodimlarimiz shuning uchun ham jazolandi.

Bemor Mohichehra Tursunqulovani 20 iyun kuni qabul qilib olgan shifokor Jo‘ra Qulliyevaning ma’lumot berishicha, bemor dastlab olib kelinganda qo‘li, tanasi va oyoqlarida bu kabi qorayishlar bo‘lmagan. Ammo bemorda tajovuzkorlik kuchli bo‘lgan. Hatto uni tinchlantirish uchun shifokor va 2 nafar hamshiraning ham kuchi yetmagan. Tinchlantirish uchun tomirdan qilinishi lozim bo‘lgan ukol bemorga kuchi yetmagach, orqa tomondan qilingan.

— Haqiqatdan ham qizimda tajovuzkorlik kuchli edi, — deydi Istat Ernazarova. – Boisi, kasalligi xuruj qilgandi. Uyda ham nabiralarimga tashlanib qolmasin deb, molxonaga qamab qo‘ygandim.

Istat Ernazarovaning ta’kidlashicha, qizini 20 iyun kuni ertalab Koson tuman tibbiyot birlashmasiga olib borib, nazoratdan o‘tkazgan. Hamda viloyat ruhiy asab kasalliklar shifoxonasiga tez yordam mashinasida olib borishlarini so‘ragan. Biroq ancha sarson bo‘lgan. Va tez yordam mashinasi haydovchisiga 50 ming so‘m pul berib, qizini viloyat asab ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib borgan.

— 20 iyun kuni Koson «balnisa»sida ancha sarson bo‘ldim, — deydi Istat Ernazarova. – Kimga uchrashsam, unga boring, bunga boring deya rosa sarson qilishdi.

Bosh shifokor Abdujabbor Kenjayevning qo‘shimcha qilishicha, 21 iyun kuni bemor Mohichehra Tursunqulova kaltaklangach, 22 iyun kuni voqeadan xabar topgan onasi Istat Ernazarovaga qizini sud ekspertizaga olib borish va kim urganligini aniqlashtirish taklifi berilgan. Ammo Istat Ernazarova buni rad etgan.

Murojaatchi Istat Ernazarova bu vaziyatni izohlar ekan, haqiqatdan ham dastlab sud ekspertizadan voz kechganini, barchasiga ko‘z yumganini tan olib, turmush o‘rtog‘ining qarshiligiga ko‘ra, yana murojaat qilayotganini bildirdi.

Bu holatga javoban shifoxona bosh shifokori Istat Ernazarovaga haliyam kech emasligini, agar xohlasa holat bo‘yicha sud ekspertiza qilishga haqqi borligini tushuntirdi. Biroq bu taklifga ham Istat Ernazarova sukut saqlab javob berdi.

Murojaatchi Istat Ernazarovaning ta’kidlashicha, qizi Mohichehra Tursunqulova ilgari ham viloyat ruhiy asab kasalliklar shifoxonasida davolanib kelgan. Qizi bemorlar tomonidan oldin ham kaltaklangan. Murojaatchining nazdida shifoxonada nazorat yetarli darajada emas.

Aniqlanishicha, shifoxonada ayni kunda 200 nafar bemor davolanadi. Shifoxonadagi 95 nafar ayol bemorni 4 nafar xodim nazorat qiladi.

Murojaatchi «Daryo» muxbiri bilan suhbati davomida bemor qizi Mohichehra Tursunqulovadan tashqari 1985 yilda tug‘ilgan yana bir qizi aqlan zaif ekanligini aytib, davolatishga qiynalayotganini bildirdi. Bunga javoban esa shifoxona rahbariyati yana bir bemor qizini ham davolashga tayyor ekanligini bildirib, olib kelishini so‘radi. Istat Ernazarova esa bu taklifini o‘ylab ko‘rishini bildirdi.

O‘ylaymizki, yuqorida tilga olingan holatlar mutasaddilar e’tiboridan chetda qolmaydi. Biz esa har doimgidek vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

Kiritildi: 17:30 04.07.2019. O'qildi: 2642 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!