Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida go‘yoki gaz portlashi sodir bo‘lgani haqida noto‘g‘ri xabar tarqaldi.
Ushbu xabar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda aks etgan holat aslida Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi yangi “Patron” gazkondensat konida qidiruv qudug‘ini sinovdan o‘tkazish va ishga tushirish jarayoni hisoblanadi.
Ushbu konining 1-sonli qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlari 2025 yilda Xitoyning BGP kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan 3D seysmik tadqiqotlar natijalari asosida boshlangan.
Quduqda burg‘ilash ishlari yakunlanib, 3296–3339 metr oralig‘idagi qatlamlarni mahsuldorlikka sinash natijasida sanoat miqyosida tabiiy gaz olindi. Quduqdan olinayotgan gazning dastlabki hajmi sutkasiga 500 ming kub metrni tashkil etmoqda.
Mazkur kon nisbatan kichik bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uning zaxiralari taxminan 2,5 milliard kub metr tabiiy gazdan iborat.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yangi quduqni sinovdan o‘tkazish jarayonida gazni maxsus qurilma orqali yoqib ko‘rish — quduqning mahsuldorligi, bosimi va ishlash parametrlarini aniqlashga qaratilgan odatiy texnologik jarayon hisoblanadi. Shu bois videoda aks etgan olovli jarayonni portlash yoki avariya sifatida talqin qilish asossiz.
Hozirda quduqdan haqiqiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida “O‘zLITIneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan gazodinamik va gazkondensat tadqiqotlari olib borilmoqda.
“Patron” konidagi 1-sonli qidiruv qudug‘i 2026 yil 2 sentyabr kuni soat 06:00 da gaz quvuriga ulanib, ishga tushirildi.
Quduqni ishga tushirish ishlari sohadagi mas’ul tashkilotlar — neft-gaz sohasining harbiylashtirilgan qismi va “O‘zLITIneftgaz” AJ mutaxassislari ishtirokida sanoat, yong‘in, mehnat va ekologik xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirildi.
Jarayonlarni xavfsiz tashkil etish maqsadida barcha zarur tashkiliy va texnik choralar Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari nazorati ostida amalga oshirildi.