Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda maktab direktori o‘rinbosarining o‘g‘liga ikki baho qo‘ygan ingliz tili o‘qituvchisi kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2021 yil 06 aprel kuni Chiroqchi tuman IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu kuni tumandagi 134-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi SH.Oqquziyev o‘zining fanidan shu maktab o‘quvchisi M.O.ga «2» baho qo‘yganligi sababli, maktab o‘quvchisi M.O ushbu holatni akasi X.B.ga aytgan. X.B. shu kuni soat 12:00 larda ikkita tanishi bilan maktabga kelib, ingliz tili fani o‘qituvchisi SH.Oqquziyevning harakatidan norozi bo‘lib, maktab hududida SH.Oqquziyevga tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat tuman IIO FMB navbatchilik qismidan belgilangan tartibda qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.