Bugun 16 may, 2025 yil, juma

КИР

Qarindoshlar oila qurishi qonunan taqiqdami?

A A A
Qarindoshlar oila qurishi qonunan taqiqdami?

Xalqimiz azal-azaldan qarindoshchilikni mustahkamlashga intilgan. Bunda nikoh ko‘pincha to‘g‘ri qaror deb o‘ylashadi. Natijada qarindoshlar quda bo‘lib, oila barpo etiladi.

Agar o‘g‘lingni uylantirmoq, qizingni erga bermoq tilasang, zinhor o‘z qarindoshlaring bila berishib-olishmag‘il. Begonadin xotin olg‘il, nedinkim, o‘z qarindoshlaringdan olmasang ham ular sening bilan go‘sht, qondek yaqindurlar. Boshqa qabiladin xotin olg‘il. Bu bila bir qabilani ikki qabila qilmish bo‘lg‘aysan, begonani o‘zingga qarindosh qilg‘aysan, toki bir quvvating ikki bo‘lg‘ay, ikki tarafdin madading va ko‘maging ko‘payg‘ay . Kaykovusning Qobusnoma asarida bitilgan ushbu fikrlar oradan bir necha asrlar o‘tsa-da, hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali(regulation.gov.uz)da O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Mazkur loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 16-moddasiga o‘zgartish kiritish va yaqin qarindoshlar(aka-uka va opa-singillarning farzandlari) o‘rtasidagi nikohlar qonunan ta’qiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Qudalar qarindosh, uch farzand esa nogiron

Erta tongdan baqir-chaqir eshitildi. Fotima buvi(maqolada ismlar o‘zgartirilgan) gap nimada ekanini anglaganday bo‘ldi. Shu payt hovlisiga mahalla faoli Buvrajab Ahrorova hovliqqanicha kirib keldi.

Salomat o‘g‘li bilan kelinini ajrashtirayotgan ekan, dedi u salom-alik qilgach. Kelinni yuklari bilan jo‘natib yuboryapti. Siz bormasangiz bo‘lmaydi. Hammasini yaxshilikcha hal qilishimiz kerak.

Necha marta ogohlantirdim-a, dedi Fotima buvi afsuslanganicha. Qarindoshchilikda quda bo‘lish yaramaydi. Bittasi men bo‘lsam azobini tortyapman-ku!

Fotima buvining ko‘zlari yoshga to‘ldi. Bir paytlar o‘g‘lini majburlab ukasining qiziga uylantirgan, natijada kelini ketma-ket uch nafar nogiron farzand dunyoga keltirgandi. Keksaygan chog‘ida esa nogiron nevaralarini parvarishlash bilan ovora.

Mahallada baqir-chaqirlar kuchaygach, Fotima buvi bilan Buvrajab opa o‘sha tomonga oshiqishdi. Bu paytda kelin nogiron bolasini bag‘riga bosganicha qaynonasiga yalinib yolvorardi:

Nima desangiz, roziman. Faqat bizni ajratmang. Boshqasiga uylantirsangiz ham qarshilik qilmayman. Meni haydamang, amma!

Shunda bola ham qichqirib yig‘lashga tushdi. Bu holatni mahalla-ko‘y ham ko‘zda yosh bilan kuzatar, na kelindan, na qaynonadan bo‘la olishmasdi.

Salomat, senday singlim yo‘q endi. Qizimni baxtsiz qilganing uchun sen menga begonasan, dedi jahl bilan kelinning otasi. Darg‘azab akaning qaroridan singil esankirab qoldi. Yanga ham jim turmadi. Uning butun yetti pushtini xudoga solib qarg‘adi.

Salomatning qarori to‘g‘ri, dedi Fotima buvi hammaga qarata, bo‘lmasa hamma azob chekadi.

Ne-ne orzu-umidlar ila qurilgan oila bir lahzada parchalandi. Salomat aya hech kimga so‘z demay uyiga kirdi. Kelin chirqillagancha ota-onasi bilan ketdi...

So‘nggi chora

Bundan uch yil oldin Salomat aya molu davlati begonaning qo‘lida qolmasligi uchun yolg‘izgina o‘g‘lini akasining qizi Layloga uylantirgandi. O‘shanda qarindoshlar nikohi xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida gapirganlarga qo‘l siltadi. Ko‘z oldida ulg‘aygan jiyani Laylo ko‘nglidagi kelin edi. Ko‘p o‘tmay, kelin o‘g‘il nevara tug‘ib bergach, bir xursandchiligi o‘nga aylandi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi, go‘dakda nuqsonlar ko‘rina boshladi.

Bola tug‘ma nogiron, dedi shifokor chuqur uh tortib ko‘zdan kechirar ekan. Rivojlanishdan orqada qolyapti. Hammasiga qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sabab.

Laylo bolasini bag‘riga bosganicha yum-yum yig‘ladi. Eri esa siqilganidan ichkilikka berildi. Salomat aya o‘zini aybladi. Oradan bir yil o‘tib, kelin yana homilador bo‘ldi. Salomat aya uni shifokorga o‘zi olib bordi.

Sizga ochig‘ini aytay, bu bola ham nogiron tug‘iladi. Vaqtida bir qarorga keling, dedi shifokor.

Salomat aya ko‘p o‘yladi. Tunlari mijja qoqmadi. Yangasining akasiga jahl qilayotganini sezardi. Kim ham qizining baxtsiz bo‘lishini istardi. Layloning tunlari mijja qoqmay nogiron nevarasiga qarab chiqayotganidan ezilardi. Ustiga-ustak, o‘g‘li ham o‘ziga o‘xshamasdi. Nihoyat o‘ylay-o‘ylay u kelinini homiladan voz kechishga ko‘ndirdi.

Shundan so‘ng o‘z qarorini o‘g‘liga aytdi: Ajrashasan. Vaqtida chora ko‘rmasak, umring nogiron bolalarni boqish bilan o‘tadi .

* * *

Oradan besh yil o‘tdi. Vaqtida chiqarilgan qaror bilan mudhish kelajakning oldi olindi. Bu davrda Salomat aya o‘g‘lini qayta uylantirib, ketma-ket ikki nafar sog‘lom nevaraning buvijonisi bo‘ldi. Layloning nogiron bolasi uzoq yashamadi. Ammo u ham o‘z juftini topib, farzandli bo‘ldi.

Vaqt har qanday narsaga davo. Ammo Salomat aya qayta-qayta uzr so‘rab borsa-da, akasi uni kechirmadi.

Darvoqe...

Tibbiyotda yaqin qarindoshlarning oila qurishi turli irsiy kasalliklarning kuchayishiga sabab bo‘lishi isbotlangan.

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda shaharlarda qarindoshlar o‘rtasida oila qurish hollari o‘n foiz, qishloq joylarida yigirma besh foizni tashkil qiladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, yaqin qarindoshlar nikohidan tug‘ilgan bolalarda saksonga yaqin kasalliklar uchrashi mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, yaqin qarindoshlarning nikohi yetti avloddan keyin ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bois AQShning ayrim shtatlarida yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh qonunan taqiqlangan.

Manba: mahalladosh.uz

Kiritildi: 14:38 09.03.2019. O'qildi: 9674 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!