Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Putin ketmoqchi...

Putin ketmoqchi...

2018 yilgi saylovga nomzodini qo‘ygach Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshqa avtoritar qo‘shnilaridan o‘rnak olib, umrining oxirigacha prezidentlik qilmoqchi ekanligi borasida taassurot uyg‘ongandi. 2024-2030 yillarda yana Medvedev bilan rokirovka orqali, yoki shunchaki cheklovni olib tashlagan holda.

Biroq Qozog‘istonda 2019 yil bahorida Nursulton Nazarboyevning prezidentlikdan ketishi va baribir davlat oliy boshqaruvida qolishi Rossiyada ham boshqa yo‘llar borasidagi masalani ko‘tardi. Ya’ni, Putin baribir avtoritar qo‘shnilaridan birining yo‘lini tutishi mumkin, u esa o‘z navbatida boshqa avtoritar qo‘shnisidagi holatdan xulosa sifatida shunday qilgan edi.

Bu orada Belarus bilan ittifoq-davlatni mustahkamlash va Putin ushbu tuzilmaning rahbari sifatida hokimiyatda qolishi varianti ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Belarusdagi namoyishlar va Lukashenkoning suverenitet to‘g‘risidagi bayonotlaridan keyin bu variant ro‘yxatdan o‘chdi.

2019 yil dekabridagi matbuot anjumanida Putin ilk marta anchadan buyon tor doiralarda muhokama qilinayotgan konstitusiyaga o‘zgartirishlar kiritish masalasini gapirdi. 2020 yil yanvarida esa parlamentga murojaatida aynan qanday o‘zgarishlar kutilayotganini e’lon qildi.

Taklif qilingan eng asosiy o‘zgarishlardan biri - o‘sha matbuot anjumanida aytilgan "bir kishi prezidentlikka ketma-ket ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas" jumlasidan "ketma-ket" so‘zini olib tashlash. Ya’ni, agar o‘zgarishlar amalga oshsa, bir kishi har qanaqasiga ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lolmaydi.

Tahlilchilar bu Putin prezidentlikdan ketishga qaror qilganini bildirishini aytmoqda. Aks holda shunchaki prezidentlikka saylanish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash taklif qilinishi kifoya edi. Putin faqat prezidentlikdan ketmoqchi, davlat boshqaruvidan emas. Buni taklif qilingan boshqa o‘zgarishlardan bilish mumkin.

Masalan, prezident tomonidan tayinlangan gubernatorlarning prezident boshchiligidagi yig‘ilishi bo‘lgan Davlat kengashini konstitusiyaviy organga aylantirish taklif qilindi. Putin aynan shu organda rahbarlikni saqlagan holda davlat boshqaruvidagi ishtirokini davom ettiraverishi mumkin.

Ammo bu variantlardan biri xolos. To‘liq Qozog‘iston senariysi bo‘yicha harakatlanib, Xavfsizlik kengashiga rahbar bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, prezidentning ba’zi vakolatlari parlamentga o‘tkazilayotgani parlamentni kuchaytirish uchun emas, keyingi prezidentni tiyib turish uchun kengroq imkoniyat ochishga qaratilgan.

Jumladan, parlament endi shunchaki bosh vazir nomzodini ma’qullashi emas, balki uni va butun hukumat tarkibini tasdiqlashi taklif qilindi. Prezident esa tasdiqlangan hukumatni ma’qullashga majbur bo‘ladi. Putin prezidentlikdan ketganidan keyin "Edinaya Rossiya" rahbarligiga qaytishi rejalashtirilayotgani va hukumat tarkibini hukmron partiya tavsiya qilishi inobatga olinsa, bu boradagi richag ham saqlanib qoladi.

Xullas, bir tarafdan Rossiyada boshqa avtoritar qo‘shnilariga unchalik o‘xshamachligi xalq tomonidan hukumatga yetarlicha bosim borligi tufayli konstitusiyani shunchaki buzib bo‘lmasligi ko‘rinmoqda. 

Ikkinchi tarafdan, Rossiyada ham rahbar o‘zi hokimiyatda qolishi uchun o‘sha qo‘shnilaridan o‘rnak olib bemalol konstitusiyani o‘zgartirishga urinmoqda. 

Manba: azon.uz

Kiritildi: 10:41 18.01.2020. O'qildi: 6819 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!