Narpay tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Narpay tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Unda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro B.A. 100 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaroga 200 AQSh dollari va 500 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan yana 81 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, fuqaro N.T. 50 dona «Gabaten» va 150 dona «Andipal» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaroga 600 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.