Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Prezident farmoni: Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi

Prezident farmoni: Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Hujjatdan maqsad o‘zbek tilining xalq ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash hisoblanadi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va keng jamoatchilikning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasini «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi va uning tuzilmasi ilovaga muvofiq (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Departament mudiri, Davlat tilini rivojlantirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini monitoring qilish bo‘limi mudiri, Atamashunoslik va toponimik ob’ektlarga nom berish faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi mudiri, Davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis, Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini monitoring qilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis, Atamashunoslik va toponimika sohasida qonun hujjatlari ijrosini monitoring qilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassic va Toponomik ob’ektlarga nom berish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis) tasdiqlanadi.

Quyidagilar Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilangan:

davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;

davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida

yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;

davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, «O‘zbek tili bayrami kuni»ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik ob’ektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;

- davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda «O‘zbek tili bayrami kuni»ni belgilash bo‘yicha qonun loyihasini va «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishi, ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasini tashkil etishi va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 iyunga qadar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini kiritadi:

mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovasion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;

ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;

davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;

davlat tilining axborot va kommunikasiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish;

davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni muntazam va har tomonlama o‘rganish, ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish;

davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish.

Kiritildi: 08:22 22.10.2019. O'qildi: 2736 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!