Elektr yo‘qotishi 20 foizdan ko‘p bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi ahvol tanqid qilindi. Ularning xulosa qilmagan rahbarlarini bugunoq ishdan olish, o‘rniga yosh kadrlarni qo‘yib, yo‘qotishlarni 2 karra kamaytirish bo‘yicha KPI belgilab berish zarurligi qayd etildi.
Bugungi kunda texnika oliygohlarida energetika yo‘nalishida 10 mingdan ziyod 3- va 4-kurs talabalari ta’lim olmoqda. Ularni texnika xavfsizligiga o‘qitib, dual ta’lim asosida tumanga tushirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
– Marhamat, ustozlari shogirdini tumanga olib borsin, ishni o‘rgatsin, yo‘qotishni kamaytirish bo‘yicha yaxshi yechimlar taklif qilsa, tejalgan mablag‘ni ustoz va talabaga bonus qilib beraylik, – dedi Prezidentimiz.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 5 milliard kilovatt elektr va 3,5 milliard kub metr gazni tejashi shartligi qayd etildi.