Davlat boshqaruvi tizimida har bir organning vakolati va huquqiy maqomi qonun bilan aniq belgilanishi huquqiy davlatning asosiy talablaridan biridir.
Shu nuqtai nazardan, Senat tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonunning ma’qullanishi davlat boshqaruvini institusional jihatdan takomillashtirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Bugunga qadar Prezident Administrasiyasi faoliyati asosan Prezident farmonlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solib kelinayotgan edi. Endilikda esa mazkur institutning huquqiy maqomi Konstitusiyaviy qonun bilan belgilanmoqda.
Muhim jihat shundaki, qonun Prezident Administrasiyasiga yangi vakolatlar bermaydi. Aksincha, mavjud vakolatlarni qonuniy asosga o‘tkazadi, ularning chegaralarini aniq belgilaydi hamda huquqiy aniqlikni ta’minlaydi.
Prezident Administrasiyasi Prezidentning Konstitusiyada belgilangan vakolatlarini amalga oshirish uchun tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan xizmat qiladi. Uning maqomini qonun darajasida belgilash davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi ishlab chiqilishida AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya va Qozog‘iston tajribasi o‘rganildi. Bu mazkur institut faoliyati ko‘plab davlatlarda ham alohida huquqiy asosga ega ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, qonun muhokamasi Senatning rasmiy internet platformalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi va senatorlar tomonidan keng muhokama qilindi. Bu qonunchilik jarayonida ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilinayotganining yana bir ko‘rinishidir.
Mazkur qonunning qabul qilinishi faqat Prezident Administrasiyasining huquqiy maqomini belgilash bilan cheklanmaydi. Bu davlat boshqaruvini yanada tizimli, huquqiy va zamonaviy asosda tashkil etishga qaratilgan navbatdagi muhim institusional islohot hisoblanadi.