Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik kogenerasiya markazi ishga tushirildi. Markaz bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqaradi, bu qish mavsumida aholi va iqtisodiyot ob’ektlarini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklikda amalga oshirilgan bo‘lib, quvvati 100 MVt, maydoni 3,5 gektar va 65 million dollar xorijiy investisiya jalb qilingan. Markazda Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasi ishlab chiqargan 70 ta gaz-porshen uskunalari o‘rnatilgan.
Ishga tushirilishi bilan yilga 876 million kVt-soat elektr va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi, 35 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. 1 846 ta ob’ekt, jumladan 1 400 ta aholi xonadoni va ijtimoiy muassasalar issiqlik bilan ta’minlanadi. 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkaziladi.
Loyiha issiqlik ishlab chiqarish xarajatlarini 40–45 foizga kamaytiradi va atrof-muhitga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini sezilarli qisqartiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shuningdek kommunal va servis tarmoqlari faoliyatini tizimli va muvofiqlashgan tarzda olib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.