Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi komissiyasi 25 noyabr kuni 2027 yil uchun maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar tariflari loyihasini ma’qulladi.
Unga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish tariflari aholi va yuridik shaxslar uchun 33,3 foizga qimmatlashishi mumkin.
Amaldagi tarif – aholi xonadonlari uchun kishi boshiga oyiga 7500 so‘m (QQS bilan 8400 so‘m). Loyihada ko‘rsatilgan yangilangan tarif 10 000 so‘m (QQS bilan 11 200 so‘m)ni tashkil etadi.
Loyihaga ko‘ra, byudjet tashkilotlari, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun quyidagi tariflar (QQSsiz) taklif etilmoqda:
-qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish — 1 kub metr uchun 119 ming 969 so‘m (amaldagi QQSsiz narx — 89 ming 977 so‘m);
-suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish — 1 tonna uchun 251 ming 744 so‘m (188 ming 808 so‘m);
-qattiq maishiy chiqindilarni Bektemir, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridagi chiqindini qayta yuklash stansiyalaridan «Ohangaron» poligoniga tashish — 1 tonna uchun 104 ming 676 so‘m (78 ming 507 so‘m);
-chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida qabul qilish — 1 tonna uchun 155 ming 281 so‘m (116 ming 461 so‘m);
-«Ohangaron» poligonida qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilish va utilizasiya qilish — 1 tonna uchun 79 ming 199 so‘m (59 ming 399 so‘m);
-«Ohangaron» poligonida qattiq maishiy chiqindilarni qabul qilish va ko‘mish — 1 tonna uchun 1 mln 148 ming 146 so‘m (861 ming 112 so‘m).