Polsha yaqin bir necha yil ichida armiya sonini 500 ming nafar harbiyga yetkazishni rejalashtirmoqda.
TVP Info telekanali xabar berishicha, bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Władysław Kosiniak-Kamysz generallar bilan yillik yig‘ilishda ma’lum qilgan.
«Yarim millionlik armiya — bir necha yilga mo‘ljallangan strategik maqsad. Biz uni bosqichma-bosqich amalga oshiramiz», — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin bir yilda asosiy e’tibor jangga shay zaxirani shakllantirishga qaratiladi. Bu, jumladan, ayrim fuqarolik oliygohlarida harbiy kafedralarni tiklash va umumiy harbiy tayyorgarlik dasturini joriy etish orqali amalga oshiriladi.
Hozirda Polsha armiyasida 218 ming nafar askar va ofiser xizmat qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat NATOda AQSh va Turkiyadan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.