Pokiston va Afg‘oniston chegarasida bir haftadan ortiq vaqt davomida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
24 dekabr kuni Pokiston Afg‘onistonning sharqiy qismiga aviazarba berdi, natijada 46 kishi halok bo‘ldi. Pokiston aviazarbalarning maqsadi "terroristlar boshpanalari" (pokistonlik toliblar) bo‘lganini ta’kidladi. Afg‘oniston hukumati esa, qurbonlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalar ekanini bildirdi.
Shundan so‘ng, afg‘on toliblari chegara hududiga harbiy texnika va 15 ming askar jo‘natib, Pokistonning chegaradagi bir nechta pozisiyalariga hujum qildi.
"Ularning yadro quroliga ega ekanligi bizni qiziqtirmaydi – bizda iymon bor, Xudo biz bilan ekanligiga ishonchimiz komil", — dedi “Tolibon”ning yuqori martabali vakili The Telegraph nashriga.
"Hozirda Pokiston ham, Afg‘onistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan “Tolibon” ham yon bosmoqchi emas", deb yozadi Bild.