Bugun 20 may, 2026 yil, chorshanba

КИР

Pokiston Saudiyaga bergan va’dasining ustidan chiqdi

Pokiston Saudiyaga bergan va’dasining ustidan chiqdi

Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming nafar harbiy xizmatchi hamda qiruvchi uchoqlar eskadriliyasini yubordi. Bu haqda Reuters agentligi hukumat va xavfsizlik tuzilmalaridagi manbalariga tayanib xabar berdi.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida yuborilgan harbiy xizmatchilar va jangovar texnika Saudiya Arabistonining mudofaa salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Pokiston Saudiyaga aprel oyida Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan 16 dona JF-17 qiruvchi samolyotlari hamda dronlar majmuasini jo‘natgan. Arab mamlakatiga yuborilgan harbiy texnika orasida Xitoyning HQ-9 havo hujumidan mudofaa tizimi ham bor. Harbiy texnikani pokistonlik mutaxassislar boshqarayotgan bo‘lsa, amaliyotni moliyalashtirish Saudiya Arabistoni zimmasida.

Avval xabar berganimizdek, 2025 yil sentyabr oyida Saudiya Arabistoni va Pokiston mudofaaga oid strategik bitimni imzolagan edi. Riyoz shahrida Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolangan ushbu hujjatga muvofiq tomonlardan biriga qarshi uyushtirilgan hujum har ikkisiga uyushtirilgan hujum deb malakalanadi.

Pokiston musulmon olamida yadro quroliga ega yagona mamlakat sanaladi. Tahlilchilarga ko‘ra, mudofaa bitimi Saudiya Arabistoni ham Pokiston yadro shamsiyasi ostiga olinganidan dalolat beradi.

AQShning Yaqin Sharqdagi yirik ittifoqchilaridan biri sanalgan Saudiya podshohligining Pokiston bilan mudofaa bo‘yicha strategik bitim imzolashi ma’lum ma’noda Vashington siyosatiga ishonchsizlik ifodasi deb baholangan.

AQSh va Isroil joriy yil 28 fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlaganidan keyin Tehron Vashingtonning yaqin ittifoqchilari sifatida qo‘shni arab davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistonidagi harbiy va sanoat ob’ektlariga raketa hamda dronlar orqali hujum uyushtirdi.

Ushbu ziddiyat Islomobod va Riyoz o‘rtasida tuzilgan mudofaa bitimi uchun dastlabki imtihon bo‘ldi deyish mumkin. Pokiston tomonidan bir necha ming askar va jangovar texnikaning yuborilishi Islomobod qisman bo‘lsa-da Riyozga bergan va’dasining ustidan chiqqanini anglatadi.

Reuters agentligi xabariga munosabat bildirgan Pakistan Today nashriga ko‘ra, Pokiston qo‘shini Saudiyaga yuborilgani haqidagi xabar ikki o‘rtadagi mudofaa munosabatlari haqida to‘laqonli tasavvur bermaydi. Nashr manbalari fikricha, avvaldan rejalashtirilgan harbiy kuchlarni joylashtirish amaliyoti va mudofaa bitimini mintaqadagi beqaror vaziyatga bog‘lash bu – munosabatlarning asl mazmunini noto‘g‘ri talqin qilish demakdir. Manbalar Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalar diniy, madaniy, siyosiy hamda iqtisodiy rishtalarga tayanishi va bu munosabatlarga faqat geosiyosat prizmasi orqali qaramaslik lozimligini ta’kidlagan.

Ayni vaqtda Pokiston AQSH/Isroil va Eron o‘rtasidagi qurolli ziddiyatda vositachilik qilmoqda. Tinchlik muzokaralari ham aynan Islomobod mezbonligida o‘tmoqda.

Saudiya Arabistoni ham ushbu urushda rasman betaraf maqomda. Ammo podshohlik hududida AQSh harbiy ob’ektlari mavjudligi uning betarafligini savol ostida qoldiradi.

Jahon matbuoti xabar berishicha, Eron tomonidan o‘z hududiga berilgan zarbalarga javoban Saudiya Arabistoni joriy yil mart oyida maxfiy ravishda fors davlatiga qarshi hujumlar uyushtirgan.

Ma’lumot o‘rnida: Saudiya Arabistoni o‘z ittifoqchilari bilan mojaro tugagach, Yaqin Sharq davlatlari va Eron o‘rtasida tajovuz qilmaslik paktini tuzish g‘oyasini muhokama qilmoqda. Riyoz hukumati “sovuq urush” davrida Yevropadagi keskinlikni yumshatgan 1970-yillardagi Helsinki jarayonini potensial model sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Kiritildi: Bugun 21:11. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!