Peru shimoli-g‘arbidagi savdo markazining tomi qulashi natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi, 78 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi “The Associated Press” nashri.
Baxtsiz hodisa Truxilo shahridagi “Real Plaza Mall” savdo markazida yuz berdi. “Andina” davlat axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, jarohatlanganlarning 48 nafari shifoxonaga yotqizilgan, uch nafarining ahvoli esa og‘ir holatda.
Favqulodda yordam vakillari qulashdan bir necha daqiqa o‘tib yordamga kelishdi va omon qolganlarni qutqarish uchun tun bo‘yi ishlagan.
Peru Sog‘liqni saqlash vazirligi talab yuqoriligi sababli aholini qon topshirishga chaqirdi.
Peru prezidenti Dina Boluarte halokat bo‘yicha chuqur tergov o‘tkazish va aybdorlarni qattiq jazolashga chaqirdi.
– Iqtisodiy manfaatlar inson hayotidan ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, -dedi u.
Ayni payt Truxilo prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atgan, rasmiylar esa qulagan inshoot noto‘g‘ri loyihalangan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.