AQShning Pensilvaniya shtatida ornitologlar ilgari hech uchramagan holatni kuzatishdi. Bir urug‘ga mansub turli turlarning chatishuvidan yuzaga kelgan duragay sayroqi qush ikkinchi bir boshqa urug‘ vakili bilan chatishib, normal nasl bergan va bu qush tabiatda odatdagi qushlardek yashamoqda. Bu avval kuzatilmagan holat hisoblanadi. Genetika qonunlariga muvofiq, uzoq urug‘ va turkum vakillari o‘zaro chatishib nasl bera olmaydi. Lekin tabiatda kuzatilayotgan hodisa buning butkul boshqacha ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu haqida "Biology Letters" ilmiy jurnali xabar bermoqda.
Dastlab ushbu uchlamchi duragay qushni joriy yilning 7 may kuni Lourel Burket uchratdi va bu haqda eBird.org loyihasi qush kuzatuvchilariga ma’lum qildi.
“Bu haqiqatdan ham juda kamdan-kam uchraydigan holat. Dastlabki duragayning ota-onasi tillarang qanotli sayroqi qush (Vermivora chrysoptera) va moviy qanotli sayroqi qush (V. cyanoptera) bo‘lgan. Ushbu duragay Bryuster sayroqi qushi deb nomlanar edi. Shundan so‘ng ushbu duragay qush boshqa bir urug‘ vakili bo‘lgan sariqqalpoq o‘rmon sayroqi qushi (Setophaga pensylvanica) bilan chatishgan va normal nasl bera olgan”, – deydi tadqiqot muallifi Kornell ornitologiya laboratoriyasi doktoranti Devid Touus.
Qushlarning ota-onasi qaysi urug‘ vakillari bo‘lganini aniqlash uchun genetik tahlillar o‘tkazilgan. Natijada ushbu duragay turli xilda ikki urug‘ vakillaridan hosil bo‘lganligi aniqlangan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, duragay qushning ota va onasi bo‘lgan qushlar qanday ko‘rinishda ekanligini duragay qush genomi asosida yuz tuzilishi detektorining qush ekvivalenti usulidan foydalangan holda aniqlash mumkinligini aytishmoqda. Ushbu usul qo‘llanilganda, mazkur qushning onasi Bryuster sayroqi qushi, uning otasi esa sariqqalpoq o‘rmon sayroqi qushi ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Ornitologlar avvalgi kuzatuvlar asosida tillarang va moviy qanotli sayroqi qushlarning o‘zaro chatishishi oqibatida duragay qush yuzaga kelishini aniqlagan edilar. Ushbu duragay keyinchalik populyasiya tarkibidan tillarang qanotli sayroqi qushlarni siqib chiqarishga erishayotgan edi. Lekin hech qachon ushbu duragayning boshqa urug‘ vakillari bilan ijobiy chatishishi kuzatilmagandi.
Olimlarning izohlashlaricha, ushbu turli urug‘ vakillari orasidagi chatishish juda kamdan-kam holda yuz beradi. Bunga sabab, Appalachi tog‘ tizmalarida yashovchi ushbu sayroqi qushlar populyasiyasidagi individlar sonining cheklangan miqdorda bo‘lishi va buning oqibatida ko‘payish mavsumida ularning boshqa tur populyasiyalari bilan o‘zaro qo‘shilib ketishidir.
Tadqiqot mualliflarining xulosa qilishlaricha, ushbu duragay hodisasi tillarang qanotli sayroqi qushlar populyasiyasida moda qushlarning kamayishi jarayonida organizmlarning o‘z turini saqlab qolish uchun tutgan eng yaxshi yo‘li bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga Amerika sayroqi qushlari (Parulidae) oilasiga kiruvchi turli urug‘ vakillari tashqi ko‘rinish jihatdan bir-biridan ancha farq qilgan taqdirda ham, ular o‘zaro chatishib nasl bera olishi ma’lum bo‘ldi.
Bundan avval Yangi Kaledoniya qarg‘alarining turli mayda detallardan foydalanib murakkab tuzilmalar yasay olishi haqida xabar berilgan edi.
Manba: turon24.uz