Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

"Ozodlik" Komil Allamjonovga qarshi qasddan salbiy axborot kampaniyalarini tarqatdi

"Ozodlik" Komil Allamjonovga qarshi qasddan salbiy axborot kampaniyalarini tarqatdi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning bloger Kirill Altmanga bergan intervyusi  media maydonda katta rezonanslarga sabab bo‘ldi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

9-10 avgust kunlari “Ozodlik” radiosi “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i o‘zbek segmentida intervyudan ajratib olingan parcha asosida tayyorlangan materiallarni faol tarqatdi, keyinchalik shu xabarlar sarlavhasi juz’iy o‘zgartirilgan holda Kun.uz nashrining rus tilidagi talqinida e’lon qilindi. Mazkur materiallarda Komil Allamjonovning inson dunyoqarashi o‘zgarishi va borliqni anglashi — iqtisodiyot rivojlanishi bilan bog‘liq ekani haqidagi mulohazalari bayon qilingan.

“Ozodlik” radiosi boshqa OAVdan farqli ravishda Komil Allamjonovning ushbu iqtibosini nutqi va yaxlit konteks ichidan ajratib olib, unga atayin salbiy tus bergan, shu orqali o‘zining asl maqsadi AOKA rahbarini qoralash va obro‘sizlantirish ekanini bildirib qo‘ygan. Natijada ikki kun ichida ushbu material jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilingan va ushbu post ostida 730 dan ortiq izoh qoldirilgan. Ularning 500 ga yaqini Komil Allamjonov shaxsi va faoliyatini kamsituvchi xarakterga ega. 

Agentlik xabariga ko‘ra, agar har qanday foydalanuvchi bu izohlarning mazmunini oddiygina tahlil qilsa, aksariyat izohlar shaxsiy ma’lumoti va surati bo‘lmagan 48 ta soxta profildan qoldirilganini ko‘rishi mumkin. Xususan, eng faol soxta profillar — “Ivap Svirav”, “G‘ijduvon Buxoro”, “Miniyozov Farxod” va boshqalar.

Tahllilarga ko‘ra, shunday soxta profillar vositasida axborot kampaniyasi qo‘llangan bo‘lib, bundan maqsad — K.Allamjonov faqat o‘z boyligini ko‘paytirishdan manfaatdor ekanligi va O‘zbekistondagi boshqa ko‘plab amaldorlar kabi uning ham xalq bilan ishi yo‘qligi haqida jamoatchilik orasida fikr paydo qilish va bo‘rttirish bo‘lgan. Shuningdek, u korrupsiyada ayblangan, AOKA direktori lavozimidan iste’foga chiqishi zarurligi haqida turli da’vatlar bildirilgan.

Ushbu vaziyat yolg‘on axborotlarni tarqatish uchun soxta profillarni jalb qilish dunyo miqyosida haqiqiy xavfga aylanganini yana bir bor yaqqol ko‘rsatmoqda. Bu esa ularga nisbatan chora ko‘rishni talab etadi. Soxta akkauntlarning bunday faolligi O‘zbekiston media maydonida ham kuzatilmoqda, bunda muayyan shaxslar doirasining manfaatlari yo‘lida soxta akkauntlardan foydalanish tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan bugungi kunda Agentlik tomonidan IP-ma’lumotlarni aniqlash uchun soxta akkauntlarni o‘rganish ishlari olib borilmoqda, keyinchalik ular tegishli idoralarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida taqdim etiladi.

Biz “Ozodlik” radiosi axborot bilan ishlashda g‘irrom usullarni qo‘llashi hamda jurnalistik faoliyat va etika tamoyillarini buzishda davom etayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Ushbu OAV rahbariyati hozirga qadar AOKAning avval yuborgan rasmiy murojaatlariga javob qaytarmadi, deyiladi agentlik xabarida.

Komil Allamjonov sha’niga kamsituvchi sharhlar joylagan soxta profillar ro‘yxati bu yerda.

Kiritildi: 18:27 12.08.2019. O'qildi: 2452 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!