- O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan «Sevimli» telekanali hamkorlikda boshlagan «Artist» loyihasining birinchi mavsumi nihoyasiga yetdi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsadlarga ma’lum ma’noda erishdik. Eng muhimi, iqtidorli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlagan holda musiqa san’atimizda sog‘lom raqobatga erishish uchun dadil qadamlarni qo‘ya olganimiz. Yuzlab iste’dodli ishtirokchilardan olti nafari finalgacha yetib keldi. Ulardan uchtasi loyihaning mutloq g‘olibiga aylandi.
Olti nafar ishtirokchilarning har biriga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan bir yil davomida o‘z ijod mahsullarini erkin taqdim eta olishlari uchun lisenziyalar berildi. Uch nafar g‘olibga lisenziya bilan birgalikda vazirlik tomonidan prodyuserlarga biriktirilgan holda ularning mualliflik qo‘shiqlarini yozishida, kliplar suratga olishida, gala konsertlarda ishtirok etishida ham moddiy, ham ma’naviy tarzda amaliy yordam ko‘rsatiladi. O‘zbekiston madaniyati hamda san’atiga munosib hissa qo‘shadigan iste’dodli yoshlarimizni hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz! G‘olib ishtirokchilarning ijodiy ishlariga birgalikda guvoh bo‘lamiz! Aytgancha, ayni kunlarda «Artist» loyihasining ikkinchi mavsumiga start beriladi!
Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri