O‘tganlarni eslab, ularning ruhlarini shod qilib turish, biz tiriklarning eng ulug‘ burch va vazifalarimizga kiradi. Zero, o‘tgan mo‘’min-musulmonlarni hurmatlash ayni tirik insonni hurmat, ehtirom qilish bilan barobar bo‘ladi.
Islomda qabristonlarni ziyorat qilib turishga va qabristonlarni tosh, panjara, mevali daraxtlar kabi narsalar bilan ziynatlab turishga emas, balki Qur’oni karim tilovatlari va gul kabi o‘simliklar bilan ziynatlab, qabristonda yotganlardan ibratlanib turishga buyuradi.
Rasululloh s.a.v. hadislarida shunday marhamat qilganlar: ya’ni: “Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u oxiratni eslatadi”. (Imom Moja rivoyati.)
Qabristonni ziyorat qiluvchi inson, faqatgina uning tashki ko‘rinishiga va u yerdagi toshga bitib yozilgan ism-shariflarni ko‘rib o‘qish bilan emas, ushbu qabrlarning ichida kimlar yotganiga va nima uchun ular bu yerga kelib qolganiga e’tibor berib, o‘zini ham bir-kunmas, bir-kun ushbu joyga kelishini va zaxdan iborat qabrda, oddiy kafanlikda yotishini tafakkur qilsin.
Buyuk mashoyixlarimizdan Ahmad Yassaviy baytlarida shunday deyilgan:
Ota-onang qarindosh qayon ketdi fikr qil.
To‘rt oyoqli cho‘pin ot bir kun senga yetaro.
Haqiqiy oqil inson, bu dunyo eski dunyo, bunga ne-ne podshoxlar, Payg‘ambaru-Anbiyolar, olimu-ulamo, fozilu-fuzalolar, boyu-kambag‘allar kelib ketgan. Ularning dunyoda qilgan ishlari, qurgan shaxaru-qishloqlari, o‘zlaridan keyin turli hildagi ilmiy kitob va risolalarni qoldirib ketishlari sizu-biz tiriklik gashtini surib yurgan insonlarga ulkan ibrat emasmi?
Azizlar dunyoda barchamiz mehmonmiz, molu-dunyo, mansab-martaba, uy-joy, farzandu-zurriyotlarimiz va oshna-og‘aynilarimizning ko‘pligi bilan faxrlanib o‘zimizni-o‘zimiz aldab qo‘ymaylik. Rasulullohni muborak so‘zlariga muvofiq “Dunyoni deb, oxiratdan, oxiratni deb, dunyodan yuz o‘giruvchi bo‘lmang, dunyodan ham o‘z nasibangizni va oxiratdan ham o‘z nasibangizni oling”, deganlar. Alloh barchalarimizni dunyo va oxiratlarimizni obod aylasin.
Manba: nuz.uz