Bugun 1 fevral, 2026 yil, yakshanba

КИР

Otalikni belgilash tartibi qanday?

A A A
Otalikni belgilash tartibi qanday?


— Qizimning turmushi bo‘lmadi. 3,5 yoshli nevaram bor. Tug‘ilganidan beri biznikida yashaydi. Unga aliment undirish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilgandim, rad etishdi. Sababi qizim kuyovim bilan rasman «ZAGS»dan o‘tmagandi. «Kuyovingizni olib keling. Otalikni belgilaymiz», deyishdi. Kuyovim esa turli bahonalar bilan kelmayapti. Uning ishtirokisiz otalikni belgilab, aliment undirsak bo‘ladimi? O‘zi otalikni belgilash tartibi qanday amalga oshiriladi?
Ismi sir tutildi

Rustam TANGABAYEV, Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi:
— Otalikni belgilash agar ota va ona o‘rtasida otalik yuzasidan nizo bo‘lmasa, FІDYo bo‘limlari orqali amalga oshiriladi. Agar nizo mavjud bo‘lsa, otalik sud tartibida belgilanadi. Oila kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan shaxsning otaligi o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi.
Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning, yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek, bola voyaga yetganidan keyin uning o‘zi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi.
Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari, yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.
Otalikni belgilash to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.
Agar ona farzandiga o‘zining otasining familiyasini bersa, unda otalik belgilangan hisoblanadi va tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida ota grafasida yozilgan shaxs ota sifatida qabul qilinadi. Bunday holda biologik otaga nisbatan otalikni belgilash mumkin bo‘lmaydi. Ota deb belgilangan shaxs sud tartibida otalikka e’tiroz bildirib, dalolatnoma yozuvidagi otalik grafasi bekor qilgandan so‘ng biologik otaga nisbatan otalik belgilanishi mumkin bo‘ladi.
Sud taqdim etilgan dalillar majmui javobgarning otaligini belgilash uchun yetarli emas, degan xulosaga kelsa, haqiqatni aniqlash va xatolikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida o‘z tashabbusi bilan yoxud tomonlarning talabi asosida tegishli sud-tibbiyot odam DNKsi bo‘yicha sud-biologik espertizalari o‘tkazishi mumkin. Shu bilan birga, taraflarning bir joyda istiqomat qilishi va birgalikda xo‘jalik yuritishi, o‘zaro g‘amxo‘rlik qilishi va birgalikda yashash uchun mol-mulklar xarid qilganlik holatlarini tasdiqlovchi yetarli dalillar mavjud bo‘lsa-da, bolaning otasi, aynan shu javobgar ekanligi to‘la va so‘zsiz tasdiqlanganligi haqida yanglish va barvaqt xulosaga kelishning oldini olish borasida tayinlanishi mumkin.
Taraflarga ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan sud xarajatlari da’vo qanoatlantirilganda javobgardan, rad etilganda esa da’vogarning hisobidan undirilishi lozimligini tushuntiradi.
Amaliyotda odam DNK ekspertizasi qo‘p hollarda javobgar taraf da’voni (otaligini) tan olmaganda sud tomonidan tayinlanadi.
Otalik belgilanmagan taqdirda, agar ota-ona qonuniy niqohdan o‘tmagan bo‘lsalar, bolaning foydasiga uning voyaga yetguniga qadar aliment undirilmaydi.
Faqatgina agar qonuniy nikoh mavjud bo‘lsa-yu, otalik belgilanmagan bo‘lsa, ona o‘zining ta’minoti uchun farzandi uch yoshga to‘lguniga qadar qat’iy summada aliment olish huquqiga ega.
Otalik belgilanmagan bo‘lsa, (potensial) otadan aliment undirish qonunda belgilanmagan.
Qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashash qonunda taqiqlanmagan. Lekin sha’riy nikoh asosida yashagan er yoki xotinning huquq va majburiyatlariga oid nizo yuzaga kelganda muammo tug‘iladi. Misol uchun, asosan, turmush davrida olingan mulkni bo‘lishda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin yordam berishga qodir bo‘lgan er yoki xotindan sud tartibida ta’minot (aliment) olishda. Bunday hollarda sud tartibida ushbu huquqlarni tiklash imkoni bo‘lmaydi.

Kiritildi: 12:34 13.02.2023. O'qildi: 6521 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!