Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Onamning jasorati

A A A
Onamning jasorati

Yoshlik yillarim qishloqda kechdi. Bu yerda ro‘y bergan juda ko‘plab voqea-hodisalar xotiramga bir umrga o‘chmas bo‘lib muhrlanib qolgan. Ularni tez-tez xotiralab turaman.

Yaxshi eslayman, hozirgiday shart-sharoitlar, qulayliklar yo‘q edi. Aksariyat oilalar zo‘rg‘a kun ko‘rardi. Ayniqsa, qishda uy isitish eng katta muammoga aylanardi. Ba’zi oilalar qo‘li kaltalik qilib o‘tin ham ololmas edi.

To‘rt o‘g‘il va olti qizni oq yuvib, oq taragan, farzandlarini ne zahmat chekib katta qilgan onamning qish chillasida ko‘rsatgan jasorati bolalik xotiralarimning eng to‘ridan mustahkam joy olgan.

Maktabning 3-sinfida o‘qiyotgan edim. 1974 yilning yanvar oyi oxirlarida qo‘shni uyda yong‘in chiqdi. Bu ko‘rimsizgina uy guvaladan qurilgan, tomi loysuvoq, kichikroq ikki xonadan iborat edi. Yoshi bir joylarga borib qolgan, o‘tirib-turishga ham qiynaladigan Bog‘lon momo Turg‘un degan o‘g‘li va ikki nabirasi bilan birga yashardi. Oilaning boquvchisi Turg‘un aka kasalmand, tez-tez shifoxonalarda yotib davolanib turardi. Uyda yong‘in bo‘lgan kuni ham Turg‘un aka kasalxonada edi.

Yong‘in bexosdan kechasi, uydagilar qattiq uxlab qolgan paytda, o‘choqda qolgan cho‘g‘ to‘plab qo‘yilgan o‘tin-cho‘plarga ilashishi natijasida yuz berdi. Xonadon egalari tong otib, atrof yorishgachgina yong‘indan xabar topishdi. Zudlik bilan hovliga chiqib, qo‘shnilarni baqirib-chaqirib yordamga chorlashdi. Bir zumda yetib kelgan odamlar iloji boricha uy ichidagi qo‘lga ilinadigan narsalarni tashqariga chiqarishga harakat qilishdi. Ammo olov uy ichini batamom qamragani uchun ko‘rpa-to‘shak va boshqa zarur anjomlarning hammasini hovliga olib chiqolmadilar.

Yong‘inni to‘xtatish imkonsizligini sezgan qo‘shnilar ichkarida qolgan Bog‘lon momoni qutqarish taraddudiga tushishadi. Qo‘shnilardan biri ostonagacha bordi-yu, tezda ortiga qaytdi, boshini chayqab: “Uy ichiga sira yo‘lab bo‘lmaydi”, dedi.

Yong‘in borgan sari kuchayib, bir insonning omon qolish-qolmasligi hal bo‘lay deb turgan bir dam edi. Hattoki erkaklar ham xayiqayotgan ishga shijoatli bir ayol jazm etdi. U men uchun dunyodagi eng aziz va mehribon zot – onajonim edi.

Onam momoni qutqarish uchun shiddat bilan ichkariga kirib ketdi. Bu holni bir chekkada, go‘yo o‘zim ham o‘tda yonayotgandek noiloj kuzatib turardim. Bir necha soniya o‘tgach, onajonim behush yotgan Bog‘lon momoni opichlab, derazadan chiqarib, odamlar qo‘liga tutqazdi. O‘zi ham chaqqonlik bilan derazadan chiqib oldi. Onam sog‘-omon ekanini ko‘rgach, xavotirlarim tarqab, ko‘nglim joyiga tushdi.

Oradan juda ko‘p yillar o‘tganiga qaramay, yong‘in voqeasidan voqif bo‘lganlar haligacha onajonimning jasoratini eslab turadi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qay bir yosh biror qariyani yoshi uchun ikrom qilsa, albatta, Alloh unga ham qarilik chog‘ida yoshi uchun ikrom qiladigan kishini muhayyo qiladi” (Imom Termiziy rivoyati), boshqa bir hadisda: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undagi bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bemor bo‘ladi va isitmalaydi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).

Bu dunyoda har bir bandaning boshiga turli g‘am-g‘ussa, qiyinchilik va mashaqqatlar tushadi. Islom dini bunday holatlarda kishilarni doimo o‘zaro yordam asosida yashashga chaqiradi. Ayniqsa, qiyinchilikda qolgan kishilarga alohida e’tibor berishni buyuradi. Nabiy (alayhissalom): “Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlardan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki, banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Onam ushbu hadisi sharifning ma’nolarini qalbiga, jismiga, amaliga jo qilgan jasur ayol edi. U kishini Alloh rahmatiga olsin.

Manaba: muslim.uz

Kiritildi: 05:16 18.09.2018. O'qildi: 2192 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik