Joriy yilning yanvar–may oylarida huquq-tartibot organlarining tezkor bo‘linmalari hamkorligida uyushgan narkojinoyatchilik hamda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kompleks tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Natijada narkotik vositalarni tarqatish bilan shug‘ullangan 59 ta yirik uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Ularning 15 nafar yetakchisi va 199 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Shuningdek, 15 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil davomida aniqlangan laboratoriyalar sonidan ham yuqoridir.
Tezkor tadbirlar davomida 1,2 tonna an’anaviy narkotik moddalar, 54 kilogramm sintetik narkotiklar, 4,6 million dona psixotrop dori vositalari hamda 3 tonnadan ortiq noqonuniy prekursorlar musodara qilindi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu jinoiy tarmoqlarning faoliyati to‘xtatilishi natijasida har yili aholi orasida tarqatilishi mumkin bo‘lgan millionlab psixotrop vositalar va katta hajmdagi narkotik moddalar noqonuniy aylanishining oldi olindi.
Narkojinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishida Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining vakolatli organlari bilan hamkorlikda 7 marotaba xalqaro tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Tahlillar narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasi qisqarib, ularni realizasiya qilish murakkablashgani sababli «qora bozor»dagi narxlar ham sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda.
Uyushgan guruhiy jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida esa 40 ta yirik jinoiy guruh faoliyatiga barham berildi. Ularning 48 nafar yetakchisi, jumladan, 6 nafari xorijiy davlatlarda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi. Shuningdek, 224 nafar a’zo qo‘lga olindi.
Mazkur jinoiy guruhlar mamlakatning 50 ta shahar va tumanida talonchilik, bezorilik, tovlamachilik, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda fuqarolarga tan jarohati yetkazish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib kelgan.
Amalga oshirilayotgan tizimli va manzilli choralar natijasida mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar osoyishtaligini mustahkamlash hamda uyushgan jinoyatchilikning ildizlariga zarba berish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.