Tarmoqda Ohangaron shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimining tarbiyalanuvchilardan biriga jismoniy kuch ishlatgani tasviri tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, tarbiyachi bola uxlamagani uchun uni urib, haqorat ham qilgan.
Mazkur xabar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbarining joriy yil 6 apreldagi tegishli buyrug‘i bilan tarbiyachi SH. A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
«Shu o‘rinda mamlakatimizdagi mavjud barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglariga belgilangan odob-axloq qoidalari hamda kasb etikasi normalariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qolamiz. Zero, sizlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiya topayotgan bolalarning nafaqat bilim va tarbiya olishlari, balki ularning ham jismonan, ham ruhan sog‘lom inson bo‘lib kamol topishlariga mas’ulsiz», deya ta’kidlanadi vazirlik xabarida.