Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tog‘ga dam olish uchun chiqqan besh nafar fuqaro adashib qoldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, 4 oktyabr kuni soat 19:37 da «112» tizimi orqali Ohangaron tumanining Chinor mahallasi hududidagi tog‘larda besh kishi adashib qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Murojaat asosida «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasining «Beshqo‘l» navbatchilik qismi qutqaruvchilari qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan.
Qidiruv natijasida fuqarolar 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:31 da topilgan. Ularning barchasi tog‘dan xavfsiz hududga olib tushilib, yashash manzillariga yuborilgan.
FVV fuqarolarni tog‘li hududlarga chiqishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Shuningdek, ob-havo sharoitini inobatga olish va safar yo‘nalishini oldindan belgilab olish zarurligini eslatdi.